16 Sentyabr 2025 Yil 485

Jamoatchilik kengashi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida

Poytaxt IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Toshkent shahar IIBB Jamoatchilik kengashi a’zolari uchun press-tur tashkil etildi. Tadbirda Markaz faoliyati, tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoit va amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumotlar berildi. Markaz bir vaqtning o‘zida 110 nafar voyaga yetmaganlarni qabul qilish imkoniga ega. Mazkur dargohga 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan: qarovsiz, adashgan, bedarak yo‘qolgan, ijtimoiy va boshqa xavf ostida qolgan, yashash joyidan o‘zboshimchalik bilan chiqib ketib nazoratsiz yurgan, ijtimoiy-huquqiy yordamga muhtoj, davlat ta’lim-tarbiya muassasalariga, mehribonlik uylariga va boshqa davlat ta’lim dargohlariga joylashtirilishi lozim bo‘lgan, shuningdek, qonunda nazarda tutilgan boshqa holatlar toifasiga kiruvchi voyaga yetmagan o‘g‘il-qizlar joylashtiriladi. Ular mazkur dargohda 30 kun, ayrim hollarda 45 kun bo‘ladi. Bu muddat ichida to‘rt mahal issiq ovqat, yoshi, jinsiga qarab shaxsiy gigiyena vositalari, kiyim-bosh hamda tegishli o‘quv qurollari bilan to‘liq ta’minlanadi. Shuningdek, voyaga yetmaganlarning hayoti va sog‘lig‘ini himoyalash, ijtimoiy jihatdan xavf solgan muhitdan chiqarish, ijtimoiy-huquqiy, tibbiy-pedagogik yordam ko‘rsatish, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shaxsi aniqlanmaganlarning shaxsini aniqlash, pedagogik- psixologik, maishiy va tibbiy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilib, tarbiyaviy, madaniy-ma’rifiy, sport-sog‘lomlashtirish, kasb-hunarga yo‘naltirish ishlari amalga oshiriladi. Shu bilan birga ilgarigi hayot tarzi, ijtimoiy ahvoli, Markazga kelib tushish sabablari, huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishga moyillik darajasi yoki bolaning o‘zi huquqbuzarlik va jinoyat jabrlanuvchisi bo‘lgan-bo‘lmaganligi hamda bunga sabab bo‘lgan holatlar o‘rganiladi. Markazga joylashtirilgan har bir voyaga yetmaganlar haqida 24 soat ichida tuman prokuraturasi va bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiyaga ma’lumot taqdim etilib, har bir qabul qilingan bolalarga shaxsiy yig‘majildlar yuritiladi. Bu yig‘majildlar bolalarning keyingi tarbiyasi hamda voyaga yetish jarayonida ular bilan shug‘ullanish, kasbga, hayotga to‘g‘ri yo‘naltirishda muhim rol o‘ynaydi.

Markazda bolalarning sog‘lom, ruhiy va jismonan baquvvat bo‘lishi uchun turli muolaja, dam olish va bilim olishlari uchun maxsus to‘garaklar faoliyat olib boradi. Markazda qum terapiya, karaoke, kutubxona, Art terapiya, sport, duradgorlik, tikuvchilik, shaxmat-shashka, IT va kompyuter savodxonligi kabi xonalar mavjud. Shuningdek, “Milliylikka asoslangan burchak (choyxona)”, “Hayvonot burchagi”, “Yozgi suv havzasi”, “Yozgi kinoteatr”, “Bolalar o‘yin maydonchasi” “Bolalar sport maydonchasi (vorkaut)”, voleybol, basketbol, futbol maydonlari joylashgan. Xulosa qilib aytganda, Markazda taqdir taqozosi bilan ushbu dargohga keltirilgan bolalar o‘z tengdoshlaridan kam bo‘lmagan sharoit va munosabatlarda, baxtli bolalik tuyg‘usini yo‘qotmagan holda kamolga topishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solingan.

Jamoatchili kengashi a’zolari tomonidan markaz faoliyatini yanada takomillashtirish, tarbiyalanuvchi bolalarni keyingi taqdirini kuzatishda yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganish va bartaraf etish choralarini ko‘rish masalasida takliflar ishlab chiqish lozimligi belgilandi.

Barcha yangiliklar

Text to speech