Xato qilmoq insonga xos. Biroq qilmishiga chin pushaymonlik, bu xatoni tuzatish, halol mehnat, ezgu amallar qilishga intilgan odamga imkoniyatlar eshigi hamisha ochiq. Jamiyat yaxshilikka bosilgan har bir qadamni qo‘llab-quvvatlaydi, yordam qo‘lini cho‘zadi, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganlarni kechiradi. Bunga Yurtboshimizning “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni avf etish to‘g‘risida”gi Farmoni yaqqol misol. Toshkent shahar IIBB Probatsiya boshqarmasi xodimlari avf etilgan barcha mahkumlar bilan joylarda profilaktik suhbatlar o‘tkazish, tibbiy tekshiruvlarni tashkillashtirish, ish bilan ta’minlash orqali ularni ijtimoiy hayotga moslashuvi, salomatligini tiklash, moddiy ahvolini yaxshilash kabi har bir inson uchun zarur bo‘lgan jarayonlarning amalga oshirilishini nazorat qilib kelmoqda. Xususan, Mirobod tumani IIO FMB Probatsiya xodimlari tomonidan Farmon bo‘yicha avf etilgan 1977 yilda tug‘ilgan E.Oleg bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, tibbiy ko‘rik vaqtida aniqlangan kasalliklarni davolash bo‘yicha tegishli choralar belgilandi. “Inoqobod” mahalla profilaktika inspektori, mahalla raisi, “yettiligi”ning boshqa a’zolari ishtirokida kengashilib murabbiy tayinlandi. Shuningdek, pasport rasmiylashtirishda, ishga joylashishiga yordam ko‘rsatilib, bir martalik moddiy yordam puli olish uchun yo‘llanma ajratildi. Bektemir tumani IIO FMB Probatsiya bo‘limi xodimlari avf etilgan 1996 yilda tug‘ilgan J.Anorbekning yashash sharoiti va turmush tarzini o‘rganib, yakka tartibda suhbatlashildi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan Anorbekka “Iyk-ota” mahalla fuqarolar yig‘ini “yettiligi” tavsiyasiga ko‘ra murabbiy biriktirilib, tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi orqali ishga yo‘llanma berildi. Chilonzor tumani “Nafosat” mahallasida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan B.Sirojiddin, “Cho‘pon-ota” mahalla fuqarosi, 1988 yilda tug‘ilgan B.Orazguli, “Xirmontepa” mahallasida yashovchi, 2004 yilda tug‘ilgan B.Artemlar ham Mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan Prezidentimizning Farmoniga ko‘ra avf etilganlardan.
Chilonzor tumani IIO FMB Probatsiya xodimlari mazkur mahkumlarning yashash xonadonlarida bo‘lishib, ularning yashash shart-sharoitlarini o‘rganishdi. Oila a’zolari bilan suhbatlashildi. Yuqoridagi har bir mahkumning muammolari profilaktika inspektorlari, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, faollari, “yettiligi” ishtirokida muhokama qilinib, ularni bartaraf etish, ijtimoiy hayotga moslashuvida ko‘mak berish choralari belgilandi. Mahallalar mas’ullari hamkorlikda kengashib ularga murabbiylar biriktirildi. Mazkur shaxslar sohaviy xizmatlar tomonidan tegishli tartibda ro‘yxatga olindi. Shuningdek, har bir mahkumga tuman hokimligining “Inson va jamiyat” markaziga hujjatlar rasmiylashtirilib, bir martalik moddiy yordam puli olish uchun ijtimoiylashuv bazasiga yuklandi. Avf etilgan mahkumlarga ko‘rsatilayotgan insoniylik namunalari ularni jamiyat hayotidan ajratmaslik, to‘laqonli, faol a’zolariga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.