Boshqalarga firib berib, pullarini o‘zlashtirishni rejalashtirayotgan shaxslar nimalar o‘ylab topmaydi, deysiz. Ha, topqirlikda ularning oldiga tushadigani yo‘q. Yo‘qsa, bu g‘arazli yo‘lda musiqa asboblaridan ham foydalansa bo‘lishi kimning xayoliga kelibdi, deysiz. Odatda uy-joy, avtomashina, uyali telefonlar, plastik kartalar, ishga-o‘qishga kiritib qo‘yish, boringki, qishloq xo‘jalik mahsulotlari kabilar firibgarlarning asosiy “quroli” edi. Sanjar esa qalloblik yo‘lida boshqa yo‘ldan borishni, o‘ziga xos uslubdan foydalanishni lozim topdi. U tanish-bilishlari orqali Chilonzor tumanida joylashgan musiqa asboblari sotishga ixtisoslashgan do‘konga ishga kirdi. Ishi juda zerikarli edi. Chunki, sotuvda bo‘lgan biron musiqa asbobini na chalishni, na sozlashni bilmaydigan, har kim ham kiravermaydigan do‘konda pashsha qo‘rib o‘tirish kuch-g‘ayrati jo‘sh urib turgan yigitga birinchidan yarashmas, ikkinchidan qiziqish uyg‘otmasdi. Kunlarning birida, to‘g‘rirog‘i 2023 yilning 21 aprelida do‘konga musiqa to‘garagida dars beruvchi M.Aida kirib keldi. U chiroyli tartibda terib qo‘yilgan cholg‘u asboblarini katta qiziqish va diqqat bilan ko‘zdan kechira boshladi. Ayrimlarini hatto chertib, sadosiga berilib quloq tutdi. Uning bilag‘onlik bilan qilayotgan harakatlarini kuzatib turgan Sanjarning ensasi qotdi. Ayolning asboblar bo‘yicha berayotgan jo‘n savollariga bu haqda tasavvurga ega bo‘lmagan Sanjar mujmal javoblar qaytarar, uning tezroq ketishini istardi. Ammo ayol sumkasidan qog‘oz chiqardi-da, qo‘lidagi qog‘ozga qarab, falon-falon musiqa asboblarini sotib olmoqchi ekanligini bildirdi. Ayol tanlagan asboblar hisob-kitob qilinganida 6.130.000 so‘mni tashkil etdi. Xaridor pulni plastik kartasi orqali amalga oshirishini aytganida, Sanjar o‘ylab o‘tirmay o‘z plastik kartasi ma'lumotlarini kiritib, pulni o‘tkazib oldi va ayolga xaridini ertasi kuni maxsus avtomashinada beshikast, beziyon manzilga jo‘natishiga ishontirdi. Sanjar ayol bilan suhbatlashib bildiki, qo‘shni davlatlarda ayrim musiqa asboblari xaridorgir, bahosi ham qimmatroq. Bu gapni o‘z foydasi yo‘lida ishlatmoqchi bo‘lgan Sanjar do‘kon egasi Muzaffarni qo‘shni respublikalardagi “musiqa asboblari bozorini” o‘rganib, sotib daromad qilishga ishontirib, undan 20.000.000 so‘mni olib, g‘oyib bo‘ldi.
– Aslida Sanjarni qo‘shni respublikalarda musiqa asboblarini sotish bilan bog‘liq ishlar qiziqtirmagan, biron yoqqa borish xayoliga ham kelmagandi. Ko‘p o‘tmay M.Aida do‘konga, sotuvchi Sanjarni qidirib kelganida uning qilmishlari fosh etildi , – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Temurbek Terikulov. – Muzaffar bo‘lib o‘tgan voqeadan xabar topgach, shu zahotiyoq jabrlanuvchi M.Aida bilan birgalikda ichki ishlar idoralariga murojaat qilishdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi ochiq sud majlisida 1988 yilda tug‘ilgan M.Sanjarning qilmishlarini qonunan baholab, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning yetkazilgan zararni qoplaganligi, pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi, oilaning yagona boquvchisi ekanligini inobatga olib, oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda, 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.