25 Oktyabr 2025 Yil 444

Sogʻlom tan, baquvvat ruh, yuksak masʼuliyat: Toshkentda ichki ishlar organlari xodimlari va ularning farzandlari sogʻlom turmush tarzini rivojlantirish imkoniyatiga ega boʻluvchi zamonaviy sport majmuasi foydalanishga topshirildi

Yunusobod tumanidagi Boʻzsuv kanali yoqasida 4 gektar maydonda barpo etilgan mazkur majmua ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy faolligini oshirish, xizmat vazifalarini samarali bajarishlari uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Yangi sport inshootining ochilish marosimida Ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar hokimi, ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylar ishtirok etdi. Tadbirda soʻz olganlar Davlat rahbarining tashabbuslari bilan mamlakatimizda sport va sogʻlom turmush tarziga boʻlgan eʼtibor yil sayin ortib borayotganini taʼkidlab, mazkur sport majmuasi xodimlar hamda ularning farzandlari uchun munosib sovgʻa ekanini qayd etdilar.

Shuningdek, bu maskan nafaqat xodimlarning jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash, balki ularning farzandlari oʻrtasida ham sportga qiziqishni oshirish, kelajak chempionlarni tarbiyalash uchun muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Majmuada jismoniy va jangovar tayyorgarlik xonalari, fitnes zallar, yugurish yoʻlaklari, jamoaviy va yakkakurash sport turlari uchun maydonlar tashkil etilgan. Inshoot turli musobaqalarni oʻtkazish imkoniyatiga ham ega. Loyihaning ikkinchi bosqichida ochiq va yopiq suv havzalari qurish rejalashtirilgan.

Bu majmuada ichki ishlar organlari xodimlari va ularning farzandlaridan tashqari, aholi vakillari ham sport bilan shugʻullanishlari mumkin.

Poytaxt IIBB jamoalari turli sport musobaqalarida faol ishtirok etmoqda. Ayol xodimalardan iborat voleybol jamoasi joriy yilda Ichki ishlar vaziri kubogida ikkinchi oʻrinni egallagan boʻlsa, futbol jamoasi ham doimiy ravishda turnirlarning favoritlaridan biri sanaladi. Yangi sunʼiy qoplamali maydon esa ularning mashgʻulotlari uchun qulay muhit yaratib berdi.

Tashrif doirasida “Besh tashabbus” musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan Yunusobod va Yakkasaroy tumanlari yoshlari bilan uchrashuv oʻtkazildi. Minifutbol boʻyicha xodimlarning farzandlari uchun tashkil etilgan toʻgarak faoliyati bilan tanishilib, boʻlajak chempionlarga esdalik sovgʻalar topshirildi.

Tadbir yakunida sport majmuasi hovlisiga manzarali daraxtlar ekildi. Bu ramziy tadbir Yangi Oʻzbekistonning sogʻlom va barkamol avlod tarbiyasiga qaratilgan ezgu maqsadlariga hamohang ekani taʼkidlandi.

Ichki ishlar organlarida kasb bayrami munosabati bilan yangi obyektlarning foydalanishga topshirilishi, xodimlarning sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jamoa ruhini mustahkamlash yoʻlidagi islohotlar izchil davom etmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech