Yangi turar-joy olish niyatida anchadan beri mablag‘ yig‘ib yurgan Lola poytaxtning turli tumanlarida qurilib, sotilayotgan xonadon va uylar sotuvi haqidagi reklama va eʼlonlarni kuzatib borardi. Biroq orzusidagi uyga yetishish uchun puli kamlik qilayotgandi. 2022 yilning dekabr oyida internet tarmog‘idagi navbatdagi eʼlonlarni kuzatib o‘tirarkan, qiziqarli eʼlonga ko‘zi tushdi. Unda yozilishicha, firma mijoz xarid qilmoqchi bo‘lgan ko‘chmas mulkni sotib olish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Buning uchun mijoz xonadon umumiy qiymatining 25 foizini firmaning hisob-raqamiga o‘tkazishi va 4 foiz xizmat haqqi to‘lashi, to‘lov o‘tgandan so‘ng ikki hafta ichida sotib olingan uy kaliti mijozga topshirilishi, keyin mazkur uyni garovga qo‘yish orqali banklardan birida yillik 12 foizli kredit rasmiylashtirilishi bayon etilgandi. Ko‘p o‘ylamay Lola ishonib-ishonmay, ko‘rsatilgan firmaga ko‘ng‘iroq qildi. O‘zini Bahodir deb tanishtirgan yigitdan eʼlondagi so‘zlar rostmi, deb so‘radi.
– Nimaga ishonmayapsiz? Biz tufayli ko‘plab mijozlar o‘zlari istagan uy egalariga aylandi, – dedi u so‘zlariga urg‘u berib. – Ishonmasangiz ofisimizga keling va mijozlarimiz bildirgan minnatdorlik so‘zlari bilan tanishing, – dedi ovozini balandlatib yigit.
Lola bu so‘zlardan so‘ng o‘zini noqulay his qilib, go‘yoki aybini yuvmoqchi bo‘lgandek, ofis manzilini so‘radi. Ovoz muloyimlashib, manzilni aytarkan, lokatsiya tashlashga vaʼda berdi. Ertasi kuni Lola manzilga bordi. Muhtasham binoga osilgan lavha unda ishonch uyg‘otdi. Lola birinchi qavatda joylashgan ofis ichkarisiga kirdi: ichkari ozoda va shinamgina edi. Uning oldiga maʼmuriyatdan bir qiz kelib tashrif boisini so‘radi va uchrashishi kerak bo‘lgan xona raqamini aytdi. Xonada ikki nafar yosh xodim bo‘lib, ulardan biri Lolaga o‘tirishni taklif qildi. Ular o‘zlarini Niyoz va Shuhrat deb tanishtirdi. Niyoz uy olish shartlari haqida gapirarkan, bu ishda yo‘qotish nol foiz ekanligi, ish halollik va yana halollik asosida yuritilishini bir necha bor takrorladi. U so‘zlarini isboti sifatida shartnomalar bilan to‘la jildlarga ishora qilarkan, ular mijozlarning rahmatnomalari ekanligini taʼkidladi. Bu orada bir necha qo‘ng‘iroqlar ularning suhbatini bo‘lar, telefonni ko‘targan Shuhrat yoki Niyoz uzr so‘rab, xonadan chiqmay, navbatdagi mijozga uy kalitini topshirish sanasini aytib, chiroyli so‘zlar bilan tabriklar edi. Lolaning shubha-gumonlari tarqab ketdi. Mamnun holda, o‘zi olmoqchi bo‘lgan uy manzilini va narxini aytdi. Shu zahotiyoq shartnoma to‘ldirilib, imzolar qo‘yildi, muhrlar bosildi. Lola uch kunlik muhlat ichida firma hisob raqamiga xonadon narxining 25 foizi hamda ko‘rsatilgan xizmat uchun 4 foiz pul to‘lashi kerak edi. U shartlarni bajarib, keyingi jarayon – bankka borib kredit rasmiylashtirish kunini kuta boshladi. Biroq har safar bu ish Niyoz va Shuhrat tomonidan ortga surilaverdi. Vaqt o‘tib Lola chuv tushganini angladi va ichki ishlar idoralariga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Tergov davomida jabrdiyda birgina Lola emas, yana besh kishi firibgarlarning tuzog‘iga ilingani fosh bo‘ldi. Uddaburon qalloblar soddadil insonlardan 1.397.932.330 so‘m pullarini olib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan edi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudi 38 yoshli Bahodir, 30 yoshli Shuhrat va 26 yoshli Niyozlarni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Bahodir 8 yilu 6 oy, Shuhrat 8 yilu 3 oy va Niyoz 8 yilu 1 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.
Hurmatli fuqarolar! Yengil va jozibali takliflardan ehtiyot bo‘ling! Firibgarlar sodda, ishonuvchan fuqarolarni chuv tushirish maqsadida, har qanday ayyorlik va riyokorlikdan ustalik bilan foydalanib, peshona teri bilan topgan pullaringizni o‘zlashtirishga harakat qilishadi. Ogoh bo‘ling!