Asiya Sugurboyeva sportning qo‘l jangi turi bilan shug‘ullanishini aytganida otasi Nurmat aka avvaliga ro‘y-xush bermadi. Biroq qizining shashti va intilishini ko‘rib, qiynalsa, o‘zi tashlaydi, deb qo‘ya qoldi. Asiya esa maqsadi sari intilib, yangi va yangi muvaffaqiyatlarga erisha bordi. Respublikamiz miqyosida o‘tkazilgan nufuzli musobaqalarda qatnashib bir necha bor O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi. Xalqaro turnirlarda qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egallab keldi. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetini muvaffaqiyatli tamomladi. 2019 yilda esa avvaldan orzu qilgan Toshkent shahar IIBB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi PPXda xizmat faoliyatini boshladi. Sportchi qizga boshqarma batalyon komandiri, podpolkovniklar Abdulla Xadjimuxamedov, komandir o‘rinbosari Chorshanbi Chorshanbiyevlar murabbiylik qilishdi. Faqat marralarni ko‘zlaydigan, ortga chekinish nimaligini bilmaydigan tirishqoq Asiya tez orada kasbga moslashib, kerakli ko‘nikmalar hosil qildi. Sportda orttirgan sabr, chiniqish, tirishqoqlik unga kasbni o‘zlashtirishda qo‘l keldi. Xizmat vazifalarini sidqidildan bajarish bilan birga sport bilan shug‘ullanib, mahoratini oshirib bordi. 2023 yili Armrestling bo‘yicha o‘tkazilgan Respublika musobaqasida chempionlikni qo‘lga kiritdi. Vazirlik miqyosida o‘tkazilayotgan qo‘ljangi musobaqalarida esa sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Joriy yilda shahar IIBB miqyosida o‘tkazilgan “To‘maris izdoshlari” musobaqasida u yetakchilik qilgan jamoa 1-faxriy o‘rinni egalladi. IIV tizimida o‘tkazilgan voleybol musobaqasida u yetakchilik qilgan jamoa 3-faxriy o‘ringa munosib topildi.
Poytaxt IIBB PPX brigadasi 2-maxsus safarbarlik batalyoni 3-otryad komandirining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, kapitan Asiya Sugurboyeva o‘z xizmat faoliyatida xodimlarning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish, xizmat vazifalarini aʼlo darajada bajarishini taʼminlash borasida qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. O‘nlab xodimlarning oilalariga rejali moddiy va maʼnaviy, ijtimoiy yordam ko‘rsatilishida bosh-qosh.
Kapitan Asiya Sugurbayeva mustaqillik tengdoshi. Mustaqillik haqida esa u:
– Hayotda erishgan har bir muvaffaqiyatimda mustaqilligimizning sharofatini ko‘raman. Sevimli sport turi bilan shug‘ullanishim, sevimli kasbimda faoliyat yuritishim, o‘qish va izlanishda imkoniyat eshiklarining ochiqligi – bularning barchasi istiqlol bergan neʼmatlardir. Mening yutuqlarim – bu yurtimning yutuqlari, deb o‘ylayman. Uning tinchligi va barqarorligini taʼminlash borasida arzimas bo‘lsada hissam borligidan baxtiyorman, – deydi.