27 Avgust 2024 Yil 1662

Yurtimni dunyo tanisin, deyman

Otabek  Zayniddinov Vatanimiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgan –1991 yilda tug‘ilgan. Istiqlol shabadasi bois yurtimiz katta o‘zgarish va yangilanishga yuz tutdi. Lavhamiz qahramoni ana shu buyuk qurilishlar, o‘zgarishlar bilan hamqadam voyaga yetdi. Toshkent shahar avtomobil va yo‘llari kollejini tamomlagan Otabek O‘zbekiston Qurolli kuchlarida xizmatni o‘tab qaytgach, Toshkent Avtomobil va yo‘llar oliygohiga o‘qishga kirdi. Uni muvaffaqiyatli tugatib, IIV Akademiyasi kasbiy tayyorgarlik fakultetida tahsil olib, leytenant unvonida poytaxt IIBB YHXB katta inspektori lavozimida xizmat boshladi. Boshqarma inspektori, serjant Ibrohim Yakubovdan xizmatning o‘ziga xos jihatlarini o‘rgandi. Poytaxt ko‘chalarida harakat xavfsizligini taʼminlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasida korxona-tashkilot, o‘quv muassasalarida yo‘l qoidalariga rioya qilish, qoidabuzarliklarning oldini olish borasida targ‘ibot ishlarini samarali olib bordi. Sodir etiladigan og‘ir yo‘l-transport hodisalarining asosiy sababchilari bo‘lmish mast hamda tezlikka rioya qilmaydigan “uchar”haydovchilarga nisbatan murosasiz choralar ko‘rdi. Uning o‘z vazifalariga sidqidildan yondashuvi, qoidabuzarlarga murosasizligi rahbariyat eʼtiboridan chetda qolmadi. 2022 yili Otabek IIBB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi jamoat xavfsizligi bo‘limi yo‘l harakati xavfsizligi guruhi katta inspektori lavozimiga o‘tkazildi. Katta leytenant Otabek Zayniddinov bugungi kunda o‘z vazifalariga masʼuliyat bilan yondashib, poytaxtimizga tashrif buyuruvchi ichki va tashqi sayyohlarning shahrimiz hududida joylashgan tarixiy obidalar, diqqatga molik manzillar, osori-atiqalarni ziyorat qilishda xavfsiz harakatlanishini taʼminlash borasida xizmatni davom ettirmoqda.

– Istiqlol tufayli yurtimiz darvozasi sayyohlar uchun ochilib, tariximiz, ajdodlarimiz qoldirgan merosimiz, qadimiy inshootlarimiz va bugungi bunyodkorlik ishlarimiz bilan tanishish, o‘rganish ishtiyoqida bo‘lganlar soni ko‘payib bormoqda, – deydi Otabek. – Tarixiy obidalarimiz, muqaddas manzilgohlarimizni zavq va katta qiziqish bilan ziyorat qilayotgan, atrofga havas bilan boqayotgan sayyohlarni ko‘rganimda, shu yurt farzandi ekanligimdan faxrlanib ketaman. O‘zbekistonimning yutuqlari boshqa yurtlarda ovoza bo‘lishi, havas uyg‘otishini, dunyo tanishini istayman.


Barcha yangiliklar

Text to speech