26 Mart 2026 Yil 206

Yunusobodda yoshlar uchun ibrat va imkoniyat darsi: Xatolardan xulosa chiqarish vaqti

​Yunusobod tumanida probatsiya hisobida turuvchi yoshlarning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish, ularning muammolarini o‘rganish va sog‘lom hayotga qaytarish maqsadida navbatdagi ochiq muloqot tashkil etildi.
​Tadbirda nafaqat tuman, balki respublika miqyosidagi mas’ul idoralar vakillari ishtirok etdi. Xususan, Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Probatsiya xizmati, Yunusobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari mas’ullari hamda mahallalardagi yoshlar yetakchilari jam bo‘lishdi.
​Uchrashuvda ishtirok etgan 150 nafar yoshning murojaatlari diqqat bilan tinglandi. Muloqot davomida asosiy e’tibor ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka yo‘naltirish va huquqiy yordam ko‘rsatishga qaratildi. Ko‘plab muammolar joyida ijobiy hal etilib, mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
​Tadbirning eng ta’sirli va yoshlarning diqqatini tortgan qismi — sobiq mahbusning chiqishi bo‘ldi. Ushbu shaxs o‘z vaqtida, bor-yo‘g‘i 14 yoshida birinchi marta jinoyat ko‘chasiga kirib qolgani va umrining 20 yilini panjara ortida o‘tkazgani haqida gapirib berdi.
​"Mening eng katta xatom — yoshligimdagi beboshligim va jinoyatning oqibatini anglamaganim bo‘ldi. Bugun ortga qarasam, eng go‘zal va kuchga to‘lgan 20 yilimni temir panjaralar ichida boy beribman. Sizlarga maslahatim — har bir qadamingizni o‘ylab bosing, davlat yaratayotgan imkoniyatlardan foydalaning, ozodlikning qadriga yeting," — deya ta’kidladi u o‘z nutqida.
​Bu iqror va samimiy suhbat yoshlar uchun o‘ziga xos "aks-ta’sir" terapiyasi bo‘ldi. Ko‘p yillar davomida erkinlikdan mahrum bo‘lgan insonning afsuslari yig‘ilganlarni chuqur mushohadaga chorladi.
​Mudofaa vazirligi va Ichki ishlar organlari xodimlari yoshlar bilan muloqotda vatanparvarlik, tartib-intizom va jamiyatda munosib o‘rin topish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berishdi. Yoshlar yetakchilari esa har bir probatsiya hisobida turgan yosh bilan individual ishlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasidagi rejalarini bayon etishdi.
Yunusobodda o‘tgan bu tadbir shunchaki uchrashuv emas, balki yoshlarning xatolardan xulosa chiqarishi va yangi, sog‘lom hayotga qadam tashlashlari uchun muhim turtki bo‘ldi.
Muloqot yakunida yoshlar uchun mazmunli madaniy tadbir tashkil etildi. Ular Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlarining tarixiy muzeyiga ekskursiya qilishdi. Muzey eksponatlari, harbiy shon-sharaf va ajdodlarimiz jasorati aks etgan lavhalar yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Bu kabi tashriflar ularda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish va qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Barcha yangiliklar

Text to speech