10 Oktyabr 2025 Yil 354

Yunusobod tumanida sayyor sud o‘tkazildi

Yunusobod tumani IIO FMB Probatsiya bo‘limi xodimlari va Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi ishtirokida sayyor sud tashkillashtirildi. Toshkent Arxitektura-qurilish universiteti binosida bo‘lib o‘tgan sayyor sudga Probatsiya hisobida turuvchi mahkumlar, shuningdek talabalar va mahalla fuqarolari taklif etildi. Yig‘ilish avvalida tuman hududida jinoyatchilik, huquqbuzarliklarning ahvoli, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatga moyil shaxslarni barvaqt aniqlash borasida olib borilayotgan ishlar, tahdid solayotgan kiberfiribgarlik hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etilayotgan jinoyatlar haqida maʼlumot berildi. So‘ngra axloqan tuzalish yo‘liga o‘tgan, mehnatga halol munosabatda va qilmishidan pushaymon bo‘lib, to‘g‘ri xulosa chiqargan mahkumlarni jazodan ozod qilish yoki yengilroq jazo turiga o‘zgartirish, tuzalish yo‘liga o‘tmagan mahkumlarning jazosini og‘irrog‘iga almashtirish borasidagi masalalar ko‘rildi. Probatsiya bo‘limi xodimlari tomonidan mahkumlarning xulqi bo‘yicha tayyorlangan taqdimnomalar sayyor sud tomonidan atroflicha ko‘rib chiqilib, 8 nafar mahkum O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan, o‘talmagan jazo muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. Bir nafarining esa jazo turi o‘zgartirildi. Mazkur tadbir ishtirokchilar: talaba hamda fuqarolar uchun jonli misollar yordamida har bir jinoiy, g‘araz xatti-harakatlar uchun qonunda tegishli jazo borligini anglatish, har bir shaxs qonunlarga rioya etishi, o‘z hayotlari hamda kelajagini baxtli va mazmunli qurishlari uchun to‘g‘ri yo‘l tanlashiga daʼvat etishi bilan ibratlidir.

Barcha yangiliklar

Text to speech