Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoni bilan Toshkent shahri Bektemir tumani bo‘yicha IIO FMB patrul-post xizmati inspektori Javlonbek Sharipov “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. Yurtimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlangan qahramonimiz oddiy ishchi oilasining kenja farzandi. Hakimjon aka va Mashhura opalar to‘rt nafar farzandlarini oq yuvib, oq tarab, halol mehnat va halol luqma bilan voyaga yetkazishdi. Kenjasi Javlon maktabni tamomlab, Respublikamiz Qurolli Kuchlarida yigitlik burchini o‘tab qaytgach, ichki ishlar organlarida xizmat qilish niyatini aytganida, ular o‘g‘lining raʼyini qaytarishmadi, aksincha qo‘llab-quvvatlashdi. Yosh, sog‘lom, g‘ayrat-shijoati yuzidan ufurib turgan yigit barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, Toshkent shahar IIBB PPXvaJTSB 4-batalyon, 3-otryadiga haydovchi lavozimiga qabul qilindi. Unga ustozlari: katta serjant Abdusamat Tojiboyev, safdor Elmurod Ergashovlar kasbning ipidan-ignasigacha bo‘lgan jihatlarini o‘rgatishdi. Xizmat hududida eng gavjum va katta bo‘lgan bozorlardan biri “Qo‘yliq” bozorida jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish bilan bir qatorda bozorga tutash mahallalarda bu boradagi targ‘ibot, tushuntirish ishlarini olib borishda faol qatnashib keldi. Hushyor va ziyrakligi, ustozlaridan puxta o‘rganganlari xizmat jarayonida juda asqotdi. 60 dan ortiq kissavurlarni ashyoviy dalillar bilan ushladi. Bozor va yon-atrofida sodir etilayotgan o‘nlab o‘g‘irlik va bezorilik holatlarini aniqlab, ularni tegishli soha xodimlariga topshirdi. U o‘z vazifalariga sidqidildan yondashuvi bois, jinoyat sodir etib, qonuniy jazodan turli yo‘llar bilan qochib yurgan, qidiruvda bo‘lgan o‘nga yaqin shaxslarni aniqlab, jinoyatga jazo muqarrarligini taʼminladi. Bu vaziyatda hatto ulardan birini qutqarishga to‘g‘ri kelgan holatini taʼkidlash lozim. Xizmat vazifasini o‘tayotgan Javlon o‘g‘irliklar sodir etib, jazodan qochib, ancha paytdan buyon qidiruvda bo‘lgan jinoyatchini ko‘rib qoldi. Jinoyatchi ichki bir sezgi bilan xodim uni ushlashiga ko‘zi yetib, jon achchig‘ida, o‘zini “Chirchiq” daryosiga otdi. Shu yo‘l bilan yana jazodan qochib qutulmoqchi bo‘ldi. Ammo Javlon ikkilanmay uning ortidan o‘zini suvga otib “qochoq”ni hayotini saqlab qoldi. Keyinchalik jinoyatchining o‘zi ham uning jasoratiga tan berdi va hayotini saqlab qolgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Lavhamiz qahramoni aholining hushyorligi, ularning jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarni oldini olishda huquqiy bilimlari, ko‘nikmalarini oshirishda targ‘ibot ishlarining muhimligini biladi. Shuning uchun tumandagi “Nurafshon” mahalla faollari bilan hamkorlikda profilaktik tadbirlar olib borishda ham faol.
— Xizmatim jarayonida huquqbuzarliklarning ko‘plab ko‘rinishlariga guvoh bo‘lganman. Yetti muchchasi sog‘ bo‘la turib, halol mehnat bilan pul topishi mumkin bo‘lgan shaxslarning jinoyatga qo‘l urishiga guvoh bo‘lganman. Buni noshukurlik, yo tarbiyaning sustligi, yohud huquqiy bilimlarining sayozligi, deb bilaman, – deydi safdor Javlon Sharipov.
Yuksak mukofot sohibi turmush o‘rtog‘i Nodiraxon bilan birga ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarini halol, mehnatsevar, el-yurt koriga yaraydigan barkamol insonlar bo‘lib yetishishi yo‘lida tarbiyalab kelmoqda. Xizmat bilan birga ota-onasining duosini olish, farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanishni ham o‘z burchi va masʼuliyatli vazifasi deb biladi. Yana bir niyati– xizmatini yana-da samarali olib borish, bilimlarini chuqurlashtirish maqsadida IIV Akademiyasiga kirib o‘qish. Bu yo‘lda unga muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.