Toshkent shahar IIBB va boshqa huquq-tartibot organlari xodimlarining poytaxtda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishdagi maqsadli kurashlardan biri – bu giyohvand moddalariga qarshi kurash, fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimizni giyohvandlik moddalari taʼsiridan saqlash, unga qarshi munosib to‘siq qo‘yishdir. Ana shu maqsadlarda joriy yilning boshidanoq, yaʼni 15 yanvardan 15 fevraligacha shahrimizda “Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
15 yanvar kuni taxminan soat 22.45 larda Yunusobod tumanidagi tadbirga jalb etilgan xodimlarning eʼtiborini do‘konlardan birining orqa devoriga qora bo‘yoq bilan joylashtirilgan yozuvlar tortdi. Olib borilgan tekshiruvlar natijasida uni 2004 yilda tug‘ilgan A.Darxon va 2005 yilda tug‘ilgan A.Azizbeklar yozganligi maʼlum bo‘ldi. Ularning yonidan 2 ta rangpurkagich ballonlar topilib, guvohlar ishtirokida ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi. Dastlabki surishtiruvlarda ular ushbu giyohvand moddalarining oldi-sotdisiga jalb qiluvchi yozuvlarni graffiti tarzida joylashtirish orqali daromad topishni taklif qiluvchi guruhni ijtimoiy tarmoqlardan topib, har bir yozuv uchun kelishilgan maʼlum summani plastik kartasiga tashlab berilishi evaziga amalga oshirganini maʼlum qilishdi.
Mazkur holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 56 prim 4-moddasi (“Giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish”) bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rishlik uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudiga yuborildi. Sud tomonidan ularga nisbatan 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Xuddi shu kabi noqonuniy xatti-harakat voyaga yetmagan G.Daniil tomonidan Yunusobod tumanining boshqa hududlarida ham sodir etilganligi aniqlandi. Ashyoviy dalillar bilan ushlangan Daniil maktab o‘quvchisi ekanligi inobatga olinib, uning onasiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (“Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik”) bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli chora ko‘rildi.
Hurmatli fuqarolar, agar siz ushbu shaxslar boshqa hududlarda “narkograffiti” bilan shug‘ullanganligi haqida biror maʼlumotga ega bo‘lsangiz Toshkent shahar IIBBning 71-206-44-79 telefon raqamiga yoki @stopnarko_bot telegram bot orqali murojaat qilishingiz so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.