Yoshlar kelajagimiz bunyodkorlaridir. Ularning bilimi, barkamolligi, ma'naviy-ma'rifiy, ruhiy-jismoniy sog‘lomligi, teran dunyoqarashi ertangi kunimizning tinchligi va farovonligining kafolatidir. Bugungi globallashuv, raqamli axborot texnologiyalarining hayotimizga jadal kirib kelayotganligi ortidan bu imkoniyatlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanib, qadriyatlardan yuz o‘girish, jamiyat qabul qilgan me'yor va qoidalarga tajovuz, o‘ziga va atrofdagilarga zarar-ziyon yetkazish, ijtimoiy va madaniy muhitni buzishga qaratilgan o‘ta salbiy xavf-xatarlarni ham keltirib chiqarayotgani ma'lum. Internet tarmoqlari orqali millat, davlat birligiga tahdid soluvchi, inson ongini zaharlashga qaratilgan turli kontentlarning goh xufiyona goh oshkora berib borilayotgani ayni haqiqat. Bundan ko‘zlangan maqsad: hali oqni-qoradan, yaxshilikni yomonlikdan, foydani zarardan ajratishga qodir bo‘lmagan yoshlardan foydalanish, o‘z g‘araz maqsadlariga sherik qilish. Yoshlarni buzg‘unchi, millatimiz, qadriyatlarimizga yot bo‘lgan g‘oyalardan asrash biz kattalar uchun ham farz ham qarz. Shu maqsadlarda poytaxtimizdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari ishtirokida buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurash, diniy esktremizm, terrorizm, giyohvand moddalarining noqonuniy savdosi, iste'moli, tarqatilishi, narkotrafik, “narkograffiti” bilan bog‘liq jinoyatlar, odam savdosi, kiberjinoyatlar, jinoyatchilik, huquqbuzarliklarning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish mavzularida qator uchrashuvlar, davra suhbatlari, treninglar, o‘quv mashg‘ulotlari, profilaktik-tushuntirish ishlarini olib borish tadbirlari belgilangan. Kuni kecha poytaxtimizdagi qator universitet hamda institutlarda talaba yoshlar bilan shunday profilaktik tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Chunonchi, Toshkent davlat stomatologiya instituti rahbariyati bilan hamkorlikda “Destruktiv g‘oyalarga qarshi kurash” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda talaba yoshlarga yot, buzg‘unchi g‘oyalar ta'siriga tushib qolmaslik, kibermakondagi firibgarlik va giyohvand moddalarini tarqatish, “narkograffiti”ga jalb qilishda qo‘llanilayotgan turli nayrang va soxta va'dalarga uchib qolmaslik borasida so‘z ketdi.
Shuningdek, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida bo‘lib o‘tgan shu kabi tadbirda Toshkent shahar IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi, Akademiya rahbariyati, o‘qituvchi va professorlar ham qatnashdi. Talaba-yoshlar o‘rtasida destruktiv g‘oyalarga qarshi kurash hamda ular o‘rtasida terrorizm va ekstremizm jinoyatlarining oldini olish va unga qarshi kurash, huquqbuzarliklar sodir etilishining barvaqt oldini olish, “jaholatga qarshi ma'rifat” bilan kurashish, ma'naviy muhit sog‘lomligi va barqarorligini ta'minlash mavzusida bahs-munozarali suhbat bo‘lib o‘tdi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida tashkillashtirilgan targ‘ibot tadbirida universitet mas'ullari, profilaktika katta inspektori, kapitan B.Boboqulov qatnashishdi. So‘zga chiqqanlar talaba-yoshlarni internet tarmog‘idagi terrorizm va estremizmni targ‘ib qiluvchi kontent va havolalardan ehtiyot bo‘lishga, shubhali taklif va da'vatlardan himoyalanishga, bunday holatlarga duch kelinganida qaysi idoralarga murojaat qilish haqida batafsil tushuntirish va ma'lumotlar berishdi.
Xuddi shu kabi davra suhbati Geologiya fanlari universiteti talabalari bilan ham o‘tkazildi. Unda profilaktika inspektori, huquq-tartibot organlari va mutasaddi idora vakillari ishtirok etdi. Ma'ruzachilar diniy ekstremizm xavfi, internet tarmoqlarida tarqatilayotgan da'vat va chaqiriqlarga ishonmaslik, ularning ayanchli oqibatlari haqida hayotiy misollar yordamida ma'lumotlar berish bilan birga bunday kontentlarga duch kelganda qanday yo‘l tutish, himoyalanish choralari haqida so‘z yuritdilar. Xususan, shubhali guruh va shaxslar bilan aloqaga kirishmaslik, diniy va boshqa o‘zlarini qiziqtirgan savollariga rasmiy manbaalar yordamida javob topish, har qanday shubhali holatda huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik qilish zarurligi ta'kidlandi. Shuningdek, ma'muriy va jinoiy javobgarlik tushunchalari, yoshlar orasida uchraydigan huquqbuzarliklar hamda ularga qarshi kurash masalalariga e'tiborlarini qaratishdi. Yoshlarni tahdidlardan ogohlantirish, huquqiy savodxonlikni oshirish hamda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlr haqida so‘z bordi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari bilan ham xuddi shu mavzuni muhokama o‘tkazildi. Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar tomonidan talaba yoshlar o‘rtasida terrorizm va ekstremizm jinoyatlarining oldini olish va unga qarshi kurash, huquqbuzarliklar sodir etilishining barvaqt oldini olish, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish, ma'naviy muhit sog‘lomligi va barqarorligini ta'minlash, yot g‘oyalar ta'sirida “odam savdosi” qurboni bo‘lib qolishning oldini olish bo‘yicha ogohlikka chaqirildi.
Poytaxt oliy o‘quv yurtlarida o‘tkazilayotgan bu kabi ogohlik tadbirlari huquqbuzarliklarning oldini olish uchun har bir fuqaro, ayniqsa, yoshlar o‘z huquq va majburiyatlarini to‘liq bilishi zarurligini, qonun talablariga rioya qilishi, noqonuniy xatti-harakatlardan tiyilishi hamda tartib-intizomga amal qilishi muhimligini taqozo etmoqda. Uchrashuvlarda talabalar ko‘tarilgan mavzular bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga vakolatli mas'ullardan batafsil javoblar olib, qoniqish hosil qilishmoqda. Bu esa ularning huquqiy bilimlarini, madaniyatini oshirish, qonunga hurmat hissini shakllantirish barobarida o‘zlarini xavf-xatarlardan himoyalanishiga yordam berishini ko‘rsatmoqda.