21 Noyabr 2025 Yil 239

Yoshlarni giyohvandlik balosidan asraymiz

Joriy yilning 3 noyabrida Prezidentimiz tomonidan “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmon yurtimizda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish jarayonlarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish orqali aholini, birinchi navbatda yoshlar salomatligini hamda millat genofondini samarali himoya qilishga qaratildi. Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 20 noyabridan 20 dekabr kuniga qadar yurtimizda “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi o‘tkazilmoqda. Oylik doirasida Toshkent shahar IIBB hududiy tuzilmalari tomonidan mahallalar, korxona-tashkilot hamda taʼlim muassasalarida o‘quvchi va talabalar bilan profilaktik-tushuntirish ishlari davom etmoqda. Shunday tadbirlardan biri Yunusobod tumanida joylashgan Toshkent Xalqaro universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi talabalari bilan o‘tkazildi. Unda qatnashgan tuman IIO FMB masʼullari turli giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasi, tarqatilishi, ularning fojiali oqibatlari haqida daliliy misollar va ilmiy asoslangan maʼlumotlar bilan bo‘lishishdi. Bugungi axborot texnologiyalarining keng imkoniyatlaridan foydalanib ijtimoiy tarmoqlarda giyohvandlik vositalari oldi-sotdisi bilan bog‘liq turli daʼvat va chaqiriqlarga aldanmaslik, bunday havolalar aniqlanganda tegishli idoralarga xabar berish, jinoyatga undovchi maʼlumotlardan himoyalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, giyohvandlik bilan bog‘liq xatti-harakatlar uchun respublikamiz qonunchiligida belgilangan jazo turlari, ushbu farmonga ko‘ra javobgarlikning yana-da kuchaytirilishi taʼkidlandi. Talabalar o‘z qimmatli vaqtlarini o‘qish va izlanishga sarflashi, o‘z tanlagan kasbining haqiqiy mutaxassislari bo‘lib yetishishga intilishlari, sog‘lom turmush tarzini tanlashga chaqirildi. Tadbir yakunida masʼullar talabalarning ko‘plab savollariga javob berdilar.

Shu kabi tadbir Yakkasaroy tumanida joylashgan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida ham bo‘lib o‘tdi. Unda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi magistratura tinglovchilari, tuman IIO FMB rahbariyati, institut professor o‘qituvchilari, tyutorlar, “Qalqon” jamoasi aʼzolari va besh yuzdan ortiq talaba-yoshlar ishtirok yetdi.

Uchrashuvda giyohvandlikka qarshi kurashish borasida amaldagi qonunchilik, yoshlar o‘rtasida uchrayotgan xavfli tendensiyalar, narkotik vositalarning inson salomatligiga yetkazadigan jiddiy zararlart haqida batafsil maʼlumot berildi. Talabalarga shaxsiy xavfsizlik, axborot madaniyati va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishning muhimligi tushuntirildi. Shuningdek diniy ekstremistik va radikal oqimlarning yoshlar ongiga taʼsir o‘tkazish usullari, ularning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati, firibgarlik va manipulyatsiya mexanizmlarini tahlil qilib, bu kabi illatlardan ogoh bo‘lish yuzasidan yoshlarga kerakli maʼlumotlar misolar orqali tushuntirib berildi. Tadbir davomida mavzuga oid videoroliklar namoyish etilib, o‘quvchi-yoshlar bilan savol-javoblar o‘tkazildi. Mutaxassislar o‘zlari uchrab turgan real hayotiy misollar orqali giyohvandlikning salbiy oqibatlari, noqonuniy diniy oqimlarga qo‘shilishning huquqiy va ijtimoiy xavflarini batafsil ochib berdilar. Yakunda, ishtirokchilarga sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ijodiy va maʼnaviy rivojlanishga intilish, shubhali axborot manbalari va yot g‘oyalarga nisbatan hushyorlik bilan yondashish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech