Yoshlarga ID-kartalar tantanali ravishda topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o‘ttiz uch yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash, shuningdek, asosiy qonunimizda belgilab qo‘yilgan xalq hokimiyati, inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi ezgu g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar davom etmoqda. Shu tadbirlar doirasida Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda uning quyi tizimlari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, fuqarolarimiz huquq va erkinliklarini taʼminlash, ularning shaxsiy manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash va yosh avlodda fuqarolik masʼuliyatini oshirish maqsadida Konstitutsiya kuni munosabati bilan navbatdagi muhim tadbir o‘tkazildi. Unda mahalliy hokimliklar vakillari bilan hamkorlikda 16 yoshga to‘lgan yoshlarga milliy identifikatsiya tizimining muhim bo‘g‘ini sanalgan identifikatsiya ID-kartalar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan fuqarolik huquqlari, shaxsning daxlsizligi, davlatning yoshlarga oid siyosati hamda har bir fuqaroning jamiyat va davlat oldidagi masʼuliyati haqida batafsil maʼlumot berildi. Shu bilan birga, ID-kartaga ega bo‘lish yoshlarimizning huquqiy maqomini mustahkamlashi, davlat xizmatlaridan keng va tezkor foydalanish imkoniyatlarini yaratishi taʼkidlab o‘tildi.
Tantanali marosim yoshlar uchun unutilmas kun bo‘lib, ularning fuqarolik faolligi va taraqqiyot yo‘lidagi intilishlarini yana-da mustahkamladi. Tadbir yakunlanar ekan, ishtirokchilarga ezgu tilaklar bildirilib, Konstitutsiyada belgilangan tamoyillarga sodiq qolgan holda yurtimiz taraqqiyoti va fuqarolar farovonligi yo‘lida birgalikda xizmat qilish muhimligi aytib o‘tildi.