Davlatimiz rahbari tomonidan kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini taʼminlash, iqtidorlari va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashlari, ijtimoiy himoyasini taʼminlash masalalariga katta eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yilning 24 fevralida Prezidentimiz tomonidan yoshlar bilan ishlash, ularning tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan muloqotida har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” deb eʼlon qilingan. Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Toshkent shahar iibb boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev Olmazor tumani hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar masʼullari hamkorligida tumanning INNO o‘quv va ishlab chiqarish texnoparki binosida shahar Yunusobod, Shayxontohur tumanlari yoshlari, tuman profilaktika hamda probatsiya hisobida turuvchi yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.”Rahbar va yoshlar uchrashuvi” doirasida bo‘lib o‘tgan tadbirda yoshlarning o‘z muammolarini erkin bildirishlari, fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashish imkoniyati yaratildi. Tadbirda yoshlar faol ishtirok etib, o‘z muammolarini tortinmay bayon etishdi. Bir necha o‘z tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga moddiy ko‘mak ajratish borasida amaliy yordam ko‘rsatildi hamda huquqiy malakali tavsiyalar berildi. Yig‘ilganlar rahbarlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar olishdi. Mazkur tadbir Olmazor tuman hokimligida davom ettirildi. Hokimlikka tashrif buyurgan bir guruh yoshlarning muammolari o‘rganilib, ularga yechim topish choralariga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, yoshlarning fikr-mulohazalari, takliflari tinglanib, eng foydali, ilg‘orlarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha tegishli choralar belgilandi.