24 Yanvar 2024 Yil 1454

Yoshlarga eʼtibor

Xabaringiz bor, Prezidentimiz tomonidan 2024 yil O‘zbekistonda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilingan va davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida Ichki ishlar, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar, Adliya vazirliklari, Bosh prokuratura va Milliy gvardiyaga bir million nafardan yoshlar biriktirilgan. Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan Toshkent shahar IIBB boshlig‘i 3-sektorlarda istiqomat qiluvchi 100 ming nafar yoshlarga masʼul etib belgilandi. Kuni kecha Toshkent davlat iqtisodiyot Universitetida poytaxt IIBB boshlig‘i general-mayor Aziz Tashpulatov ishtirokida 3-sektorda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari va hududiy ichki ishlar bo‘limlarining masʼul xodimlari bilan kechiktirib bo‘lmas vazifalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda poytaxt tumanlaridagi 3-sektor hududida istiqomat qiluvchi yoshlarning balansini shakllantirish, har biri bilan alohida suhbatlashib, xohish va istaklari, muammo va masalalarini o‘rganib ro‘yxatga olish topshirig‘i berildi. Bu borada mahallalardagi yoshlar yetakchilariga profilaktika inspektorlari va ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari yaqindan yordam berishi shart ekanligi aytildi.

Uchrashuv davomida qanday yoshlar bilan ishlash shartligi ham qayd etildi. Xususan, oila va mahallalardagi uyushmagan yoshlar, maktab, o‘rta va professional taʼlim muassasalari o‘quvchilari, oliy taʼlim muassasalari talabalari hamda mehnat jamoalaridagi yoshlar qamrab olinadi. Yoshlar bilan bosqichma-bosqich manzilli ishlar olib boriladi.

Jumladan, milliy qadriyat va anʼanalarga hurmat, vatanparvarlik, mardlik tuyg‘ularini yuksaltirishga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy tadbirlar, “Vatanparvarlik va milliy qadriyat” mavzularida suhbat va seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirildi. Yoshlar ongida huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida mahallalarda, taʼlim muassasalarida, mehnat jamoalarida “Huquqiy targ‘ibot kunlari” va “Huquqiy zakovat” intellektual o‘yinlari, huquqiy targ‘ibot aksiyalarini o‘tkaziladi.

Yoshlar bandligini taʼminlashga, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kredit olishiga, subsidiya ajratilishi, kasb-hunar va tadbirkorlik o‘quv markazlarida tahsil olishlarida yordam beriladi.

Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida sport musobaqalari tashkil etilib, yoshlarni sport to‘garaklariga jalb qilish orqali Vatan himoyasiga tayyorlash uchun jismonan chiniqtiriladi.

Maqsad – unib kelayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, hayotda o‘Z o‘rnini topib ketishlariga ko‘maklashishdan iborat. Uchrashuv davomida masʼullarga yoshlar bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ymaslik, berilgan topshiriqlar ijrosini masʼuliyat bilan bajarish topshirig‘i berildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech