20 Yanvar 2026 Yil 5471

Tergov amaliyotidan. Yomonga qo‘shilsang...

Muqaddam firibgarlik jinoyati bilan sudlanib ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga o‘tkazib kelgan Elbek bundan o‘ziga kerakli xulosa chiqarmadi. Aksincha, uch farzandning otasi, muqaddam sudlanmagan Azizni yo‘ldan urib o‘z jinoyatiga sherik qildi. Elbek ayni damda qurilish materiallarining bozori chaqqonligi, qo‘shni davlatlarda tanishlari kerakli qurilish mollarini yetkazib berishi, ustama narx qo‘yib sotish orqali mo‘may daromad topish mumkinligiga Azizni ishontirdi. Qurilish mollari do‘konlari atrofida aylanib, mijoz qidira boshlashdi. 2024 yilning 3 dekabrida ularning to‘riga Ravshan ilindi. Uch oyga qolmay Rossiya Federatsiyasida ishlab chiqarilgan sifatli “MDF” va “DSP” qurilish mahsulotlarini yetkazib berish sharti bilan hamtovoqlar Ravshandan 30.000 AQSH dollarini olib, shu ketgancha dom-daraksiz ketishdi. Ravshandan olingan pullar o‘zaro taqsimlanib, ehtiyojlariga ishlatib yuborildi. Aziz ham qachon buyurtmani bajaramiz, vaʼdamiz qayoqda qoldi, deb Elbekdan bir og‘iz so‘ramadi. Bu yog‘i firibgarlarning ssenariysi bo‘yicha: telefonlar o‘chirilgan, ko‘rsatilgan manzilda boshqa shaxslar yashaydi. Najot faqat ichki ishlar organlaridan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi ochiq sud majlisida 1995 yilda tug‘ilgan, ikki farzandning otasi, muqaddam sudlangan R.Elbek hamda 1987 yilda tug‘ilgan, uch nafar farzandning otasi, muqaddam sudlanmagan O.Azizning jinoiy xatti-harakatlarini ko‘rib chiqib, ularni Respublika Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Firibgarlik) bilan aybdor deb topdi. Ularning aybiga to‘liq iqrorligi, pushaymonligi, zararni to‘liq qoplaganligi, oilaviy shart-sharoitlarini inobatga olib, har biriga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yilga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tergovchisi, mayor Behzod Jo‘rayevning ish yurituvidan olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech