23 Iyul 2024 Yil 957

Yomon ulfat – keltirar kulfat

Yangi yil arafasi, aniqrog‘i 2023 yilning 29 dekabri. Zokirjon  so‘ngi bor jazoni o‘tab qaytgach,  Chilonzor tumanidagi nonvoyxonalardan birida  ish boshladi. Sherigi Husanboy bilan tezda til topishib ketdi. Ular yopayotgan nonlar sovimasdan aholi dasturxonidan joy olardi. O‘sha kuni Zokirjon sherigiga kechki ovqatni birga qilish taklifini berdi va go‘sht olib kelish uchun bozorga ketdi. Yo‘l-yo‘lakay tamaddixonaga kirib, spirtli ichimlik ichdi. Kechki ovqat uchun yana bir shisha xarid qildi. Chehrasi ochilib nonvoyxonaga kelgan Zokirjon o‘z qo‘llari bilan osh damlashini, Husanboy boshqa ishlarini qilaverishi mumkinligini aytib ovqatga unnadi. Kechki ovqat mahali shisha ochilib, ikkisi bir shisha aroqni bo‘shatishdi.

Kayfi oshgan Zokirjonning ko‘zi singan gaz vinteliga tushdi va Husanboydan nega sindirganini so‘raganda, u vintelga umuman tegmaganini aytdi. Zokirjon uning so‘zlariga ishonmadi. Husanboy esa tan olmadi. Yolg‘onchilikda ayblagan Zokir stoldagi pichoqni olib uning qorin qismiga sanchdi. Shovillab otilgan qondan o‘ziga kelib, shu zahotiyoq “Tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qildi. 

– Spirtli ichimlik bo‘lgan joyda ko‘ngilsizlik bo‘lishi tayin, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Bahrom Egamberdiyev. – Zokirjon o‘z vaqtida jabrdiydaga yordam ko‘rsatgani bilan  Husanboyga yetkazilgan jarohat “hayot uchun xavfli”, deb topildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi Zokirjonni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasida (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi va unga nisbatan  Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanilib, uch yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech