2006 yilda o‘g‘irlik jinoyati sodir etgani uchun besh yilga ozodlikdan mahrum etilgan Bekzod ozodlikka chiqib ham tayinli biror ishda ishlamadi. Kunlik yollanma ishga istasa chiqadi, istamasa yo‘q. Na topish-tutishida, na muomalasida tayini bo‘lmagan Bekzodni turmush o‘rtog‘i ham tashlab ketdi. Boshida uch nafar farzandi uchun aliment olish maqsadida sudga bermoqchi bo‘ldi, lekin o‘ylab-o‘ylab bu hayotda biror qiziqishi, biror umidi bo‘lmagan bu odamdan hech narsa olmaslikka qaror qildi. Faqat uni va bolalarini tinch qo‘ysa bo‘lgani. Bekzod esa barcha mas'uliyatdan qutulganidan xursand. Faqat o‘z qorni va nafsini o‘ylaydi. U 2023 yilning 19 may kuni tunda A.Orifjon bilan tasodifan tanishib qoldi. Ular nonushta qilish maqsadida, qahvaxonaga kirishdi, tanishish sharofatiga spirtli ichimliklar iste'mol qilishdi. Orif hali u, hali bu telefonini olib, kimlargadir qo‘ng‘iroq qilib gaplashdi. Uning ikkita uyali telefoni borligi Bekzodning e'tiborini tortdi. Qahvaxonadan chiqib Bekzod aldov yo‘li bilan unga uyini ko‘rsatishini, istalgan vaqtida mehmoni bo‘lishini aytib, atay ovloqroq joyga boshladi.
— Uning ishonchiga kirgan Bekzod atrofda hech kim yo‘qligidan foydalanib, yerdan toshni olib uning boshiga urgan, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Shohruh Hazratov. – Narxi 1.200.000 so‘m bo‘lgan “Samsung” telefonini o‘g‘irlab, voqea joyidan yashirinadi. Jabrlanuvchi hayoti uchun xavfli bo‘lmagan tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi ochiq sud majlisida 1982 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan Bekzodning qilmishiga qonuniy baho berib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “a” bandi (“Bosqinchilik”) bilan aybli deb topdi. O‘z ixtiyori bilan o‘g‘irlangan telefonni ichki ishlar organlari xodimlariga taqdim etganligi, qilmishidan pushaymonligini inobatga olib, kodeksning 57-moddasini qo‘llagan holda u 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi.