Hikoyamiz qahramoni Gavhar Abdieva Toshkent Davlat Pedagogika universitetining huquq-ma'naviyat va milliy istiqlol g‘oyasi fakultetida o‘qishi jarayonida ichki ishlar organlarida ishlash ishtiyoqi tug‘ildi. Universitetni tamomlash arafasida bu haqda otasiga maslahat solganida Zokir aka “ichki ishlarda ishlash ayol kishining ishi emas, tinchgina maktabda o‘qituvchilik qilib yursang bo‘lmaydimi?” deya shashtidan qaytarmoqchi bo‘ldi. Lekin uning qarori qat'iyligini sezgach, qizi bilan birgalikda Respublika Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kurslariga bo‘ladigan imtihonlarga tayyorlana boshladi. Gavhar hali-hanuz otasi bilan birgalikda yugurish, turnikka osilish va boshqa jismoniy mashqlarni bajarishganini, savollarga javoblar axtarib birgalikda o‘tkazgan kunlarini zavq bilan xotirlaydi. Otasining qo‘llab-quvvatlashi tufayli bo‘lsa kerak, u barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘tibgina qolmay, oliy kurslarni imtiyozli tamomlab, Toshkent shahar IIBB ning o‘sha paytdagi Axborot markaziga inspektor lavozimiga qabul qilindi. Ustozlari; inspektor serjant Elvira Solieva, bo‘linma boshlig‘i, mayor Inna Pakdan universitetda va oliy kurslarda o‘qib o‘rganganidan tamoman farqli bo‘lgan xizmatning sir-asrorlarini o‘rgandi. O‘sha paytdagi ilk taassurotlarini Gavhar shunday eslaydi:
– Men poytaxt hududida qayd etiladigan jinoyat va huquqbuzarliklarning hammasi ochiladi, deb o‘ylamagandim. Ochig‘i, ularning ochilishida bunchalik ko‘p kuch-vositalar jalb qilinadi, sa'y-harakatlar, jarayonlar kechadi, insonlar qatnashadi deb xayolimga ham keltirmagandim, – deydi u. – Bu menda katta qiziqish va ichki ishlar xodimlariga nisbatan o‘zgacha hurmat va havas uyg‘otdi. Va men bu kasbni tanlab xato qilmaganimga amin bo‘ldim.
Aslida ichki ishlar xodimi bo‘lishga havasni uyg‘otishda uzoq yillar Jizzax shahar IIBda profilaktika inspektori (o‘sha vaqtlar uchastka inspektori) lavozimida ishlagan, sidqidildan va vijdonan xizmatlari uchun vazirlik va viloyat IIB rahbariyati tomonidan medal va faxriy yorliqlar, tashakkkurnomalar olgan bobosi Rajab Eshmatovning o‘rni katta bo‘lgan. Xizmat taqozosiga ko‘ra Gavhar poytaxt tumanlari ichki ishlar organlarining turli sohalarida xizmat o‘tashiga to‘g‘ri keldi. Qaysi sohada faoliyat yuritishiga to‘g‘ri kelmasin, zimmasiga yuklangan vazifalarni halol va bekamuko‘st bajarishga intildi. Tajribasini boyitdi, malakasini oshirdi. 2019-yili Bosh boshqarma Huquqiy statistika va tezkor-hisob ma'lumotlar markaziga katta mutaxassis lavozimiga tavsiya etilganida ilk bor faoliyatini boshlagan, kasbga katta qiziqish uyg‘otib, xodim sifatida chiniqtirgan xizmatiga qush kabi qanot yozib “uchib” keldi. Bugungi kunda kapitan Gavhar Abdieva poytaxtning 12 tumani IIO FMB tomonidan qayd etiladigan jinoyatlarning barcha turlari bo‘yicha hisobotlarni yuritib, ularning jinoiy ish ochilganidan to sudga chiqarilguncha bo‘lgan jarayoni tahlilini olib boradi. Oylik, chorak, yillik hisobotlarni tumanlar kesimida tayyorlaydi. Mas'uliyatli ishi bilan biralikda oilasida ham tinchlik, barqarorlik bo‘lishini ta'minlab kelayotgani, jajjigina farzandi Muhammadaminning tarbiyasiga ham vaqt ajratishga ulgurayotganidan faxrlanadi. O‘g‘lining ham voyaga yetib el-yurt koriga yaraydigan, barkamol va qobil farzand bo‘lib ulg‘ayishiga katta umid bildiradi. Yaxshi umid va orzular, intilishlar lavhamiz qahramonining yo‘lchi yulduzi bo‘lib qolishiga shubha yo‘q.