29 Dekabr 2023 Yil 776

YO‘L HARAKATI INTIZOMI BOLALIKDAN BOSHLANADI

Yo‘llarda harakat ishtirokchisiga aylangan har bir fuqaro, u haydovchimi, piyoda yoki yo‘lovchi bo‘lishidan qat’i nazar, harakat xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilishi lozim. Aks holda jiddiy oqibatlarga olib keluvchi noxush holatlar yuz beraveradi. Ayniqsa, bolajonlar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari achinarli holdir. Ana shunday ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida IIV JXD YHXX tomonidan bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, respublika miqyosida bir qator umumta’lim maktablari yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatishga ixtisoslashtirilmoqda. Poytaxtimizning Yunusobod tumanida joylashgan 288-sonli umumta’lim maktabida ham o‘quvchilar uchun harakat xavfsizligi sinfxonalari, yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish maydonchasi va muzey tashkil etilgan. Bu imkoniyatlar o‘quvchilarga yo‘l harakati qoidalari, haydovchi va piyodalarning majburiyatlari hamda harakat xavfsizligi shartlarini interfaol usulda o‘rgatishga zamin yaratadi. Ta’lim muassasasiga biriktirilgan YPX inspektorlari tomonidan muntazam ravishda dars mashg‘ulotlari olib borilayotgani esa bolajonlarning mazkur yo‘nalishdagi bilimlarini oshiryapti.
– Yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish maydon­chasi o‘quvchilar bilimini oshirishda katta ahamiyatga ega, – deydi Toshkent shahar IIBB YHXB YPX brigadasi 3-batalyon komandirining o‘rinbosari, podpolkovnik Murodullo Toshmirzayev. — Maydonchada yo‘l belgilari, svetofor va chorraha muhiti aks ettirilgan bo‘lib, unda bevosita dars mashg‘ulotlarini o‘tamiz. Bu esa ularda amaliy ko‘nikmalarni hosil qilishda qo‘l keladi.
– Bu kabi amaliy ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad «Yo‘l harakati intizomi bolalikdan boshlanadi» shiorini o‘quvchilar ongiga singdirishdan iborat, – deydi maktab direktori Nodira Dadaqo‘ziyeva.
– Natijada bolajonlarimiz xavfsiz va sog‘lom bo‘lib voyaga yetishadi. Bundan tashqari, ta’lim muassasamiz yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatishga ixtisoslashtirilganidan so‘ng o‘quvchilarimizning bu boradagi bilimlarni o‘zlashtirishga bo‘lgan qiziqishi yanada ortdi. Xususan, «Yashil chiroq» ko‘rik-tanlovining tuman va shahar miqyosida o‘tkazilayotgan musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishayotgani fikrimiz tasdig‘idir.
Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech