15 Avgust 2024 Yil 879

Yengil pul topishning og‘ir asorati

Ulug‘bek boshini har yoqqa urib ko‘rdi, biroq ko‘nglidagidek ish topa olmay, poytaxtga yo‘l oldi. Bu yerda ham tezda omadi yurishavermadi. Og‘ir mehnatga esa bo‘yni yor bermadi. Axir og‘ir mehnatdan qochib Toshkentdek shahri azimga kelmaganmidi? Bir yarim yili shu alfozda o‘tib ketdi. Axiyri, uy-joy oldi-sotdisi – maklerlik bilan shug‘ullanishni boshladi-yu, joyini topgandek bo‘ldi. Terlamaysan, kunda kuyib ketmon chopmaysan, o‘roq o‘rmaysan, soya-salqinda yurasan, mazza qilib... Yil o‘tmasdan mijozlar bilan ishlash, narx-navoni qanday qo‘yish, “molni” qanday maqtash-u ishonchga kirish sirlarini o‘zlashtirdi.

Hammasi yaxshi ketayotgandi, ammo 2023 yil unga omad keltirmadi. Yangi yilni yaxshi niyatlarda kutib olgan Ulug‘bek 2 yanvar kuni yana tanishlari bilan uchrashdi. Ozgina spirtli ichimlik ichib, gurunglashib o‘tirganida uyali telefoni jiringladi. Maklerlar uchun telefon qo‘ng‘irog‘i suv va havodan ham muhimroq. Chunki, mijozlar bu – pul degani. U darrov  telefonini ko‘tardi. Bundan bir necha kun avval ijaraga uy topib berishini so‘ragan Ravshanoy qo‘ng‘iroq qilayotgandi. Ulug‘bek allaqachon eʼlonlar orqali Jahongir degan shaxs bilan ijara  masalasini hal qilib qo‘ygandi. U qizga falon joyga kelishini ijara uyini ko‘rsatishini aytdi. Kelishilgan joyda qiz dugonasi va yana ikki yigit bilan uni kutib turishardi. 

Ular gaplashib ulgurmay, uy egasi ham chiqib keldi. Qizlar va yigitlarni ko‘rib Jahongir :

— Men oilalilarni qo‘yaman, deganman. Bularni millionga ham qo‘ymayman, – deya jahl qilib, shartta burilib ketayotganida, yigitlardan biri:

— E-e-e, to‘xtang, siz noto‘g‘ri tushundingiz. Biz shunchaki... – yigit chaynalayotgan edi, uy egasi “bilamiz” degandek o‘qrayib qaradi-da burilib keta boshladi.

— Xo‘sh, bu yog‘i qandoq bo‘ldi? – deya yigitlardan biri Ulug‘bekka taʼnakor qaradi. Uning qarashida “qo‘lingdan nima keladi o‘zi, landavur” degan kesatiq bor edi. Ulug‘bek o‘zini oqlamoqchi bo‘lib:

— Menga bir o‘zimman, degandingiz-ku! – deya Ravshanoyga qaradi. Qiz ham unga hisobot bermasligini, maklermi ishini do‘ndirib qilishi kerakligini, shaxsiy hayotiga aralashishga haqi yo‘qligini aytarkan, yigitlar ham jim turmadi. O‘rtada janjal chiqdi.

— O‘sha kuni u spirtli ichimliklar ichgani bois janjal oqibatida yigitlardan biri – Kamronga hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir turdagi tan jarohati yetkazganini eslay olmadi, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Isroil G‘aniboyev. – Ammo u chin dildan qilmishi uchun pushaymon bo‘lib, voqea ishtirokchilaridan kechirim so‘radi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi Ulug‘bekni  O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 2-qismi “l” bandi (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) bilan aybdor deb topdi. Ulug‘bekning shaxsi ijobiy tavsiflanishi, oilaviy sharoiti, jabrlanuvchi bilan yarashib, daʼvosi yo‘qligi, aybiga to‘liq iqrorligi va  qilmishidan pushaymonligi eʼtiborga olinib, kodeksning 57-moddasini qo‘llab, unga 2 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.


Barcha yangiliklar

Text to speech