14 Avgust 2025 Yil 362

“Yaxshilikni har kim, har kuni qilishi kerak”

Poytaxtimizning Yakkasaroy tumani IIO FMB PPX otryad komandiri, podpolkovnik Bahodir Bardiyevning qo‘l ostida bir necha o‘nlab xodimlar bor. Ularning belgilangan hududlarda xizmat olib borishi sifati, vazifalariga yondashishi, ish samarasini baholash, kamchiliklarini ko‘rsatib bartaraf etish, umumiy nazoratni amalga oshirish ko‘plab vazifalaridan biri. Maʼlumki, tumanning Taras Shevchenko ko‘chasi gastronomik ko‘chaga aylantirilib, xorijiy sayyohlar va yurtdoshlarimizning manzaradan bahramand bo‘lib, bir piyola choy ustida hordiq chiqarishlari, birgalikda suhbatlar qurib, gurunglashishlari uchun kechayu kunduz ochiq. O‘sha kuni Bahodir Bardiyev bu manzilda jamoat tartibini saqlash, osoyishtalikni taʼminlash xizmatiga jalb etilgan xodimlar ishini nazorat qilish maqsadida, ushbu dargohga tashrif buyurdi. Vaqt allamahal bo‘lgan, transport vositalari qatnovi kamaygan payt. Hali ko‘chaning o‘rtasiga yetmay ikki yoshi katta ayol unga murojaat qilib, qo‘shni Tojikistondan tashrif buyurishgani, aylanib kech qolishgani, bu yerlarni bilmasliklari, eng mazali “Milliy taomlar” oshxona manzilini aytib, yo‘l ko‘rsatishlarini so‘rashdi. Bahodir mehmonlarga sara o‘zbek oshxonalarini taklif etarkan, ular tomon yaqinlashayotgan yana ikki nafar o‘rta yoshli va yetti nafar voyaga yetmagan bolalar eʼtiborini tortdi. Lavhamiz qahramoni to‘rt nafar kattalarga manzilni tushuntirib, yo‘lida davom etaversa bo‘lardi, ammo yetti nafar bolalarni ko‘zi qiymadi. Darhol ratsiyada aloqaga chiqib, xizmat avtobusini chaqirdi. Mehmonlar bunday munosabatni kutmaganligi uchun qayta-qayta minnatdorlik bildirar, bu yaxshilikni qanday qaytaramiz, deya hijolat bo‘lishardi. Aylanib charchagan, issiqdan qiynalayotgan bolalar esa quvonchdan ko‘zlari porlab, chopqillagancha, sho‘x-shodon qiyqirib o‘zlarini salqin avtobusga urishdi. Bolalar avtobus oynasidan qo‘l siltagancha “yaxshi, mehribon xodim-amakiga” rahmatlar aytib ko‘zdan g‘oyib bo‘lganida, Bahodir yengil tortib, o‘z ishiga sho‘ng‘idi. Bu voqeani unutib ham yuborgandi. Ammo mehmonlardan biri voqea tafsilotlarini videotasvirga olib, qo‘shni davlatlar ijtimoiy tarmoqlariga joylashtirgani va bu ko‘plab muxlislarning ijobiy bahosi va olqishlariga sazovor bo‘lganligi kutilmagan, ammo eʼtibor tortar voqea bo‘ldi. Qahramonimizga kelsak, u ichki ishlar idoralaridagi faoliyatini 2002 yilda Yakkasaroy tumani IIBda “O‘rikzor” mahallasi profilaktika inspektori lavozimidan boshlagan. O‘n olti yil davomida tumanning “Boshliq”, “Rakat”, “Konstitutsiya”, “Rakatboshi” mahallalarida , so‘ng tuman IIO FMB JTSB boshlig‘i lavozimlarida sidqidildan xizmatni davom ettirgan. Xizmati davomida shaxsan o‘nlab bezorilik, qidiruvdagi shaxslarni ushlash, giyohvand vositalarining tarqalishi, mayda huquqbuzarliklar, o‘tkir tig‘li buyumlarni aniqlash orqali jinoyatlarning oldini olishga muvaffaq bo‘lgan. Uning fidoiy xizmatlari poytaxt Bosh boshqarmasi, tuman va shahar hokimliklari tomonidan munosib rag‘batlantirilgani eʼtirofga loyiq. Ayni damda tumanda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olishda qo‘l ostidagi xodimlarning xizmatlarini tashkillashtirish, kuch-vositalarni to‘g‘ri taqsimlash, aniq joylashtirish, xizmatlarini nazorat qilish, munosib rag‘batlantirish bilan birga ularning oilaviy shart-sharoitlarini, ehtiyojlarini o‘rganib, xizmatga munosabatlarini shakllantirish omillariga ham katta eʼtibor qaratib kelmoqda. Shuningdek, o‘zi va qo‘l ostidagi xodimlari tomonidan jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, fuqarolarning huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish borasida tumandagi mavjud korxona-tashkilotlar, o‘quv yurtlarida targ‘ibot va tashviqot, profilaktik-tushuntirish ishlarini yuritish izchil yo‘lga qo‘yilgan. Ko‘rinib turibdiki, podpolkovnik Bahodir Bardiyev nafaqat rahbarlik namunalarini balki, mehr-muruvvat, olijanoblik, mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik kabi odamiylik namunalarini namoyon etish bilan ham qo‘l ostidagilarga ibrat bo‘lmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech