25 Iyul 2025 Yil 359

Yaxshilikka “javob”

Odamning ismi qanchalik balandparvoz jaranglamasin tarbiya va bilimi bo‘lmasa, undan maʼno yo‘q. Mana masalan, Javohirmirzoxo‘ja. Avval ikki marotaba o‘g‘irlik jinoyati uchun sudlangan, keyin “kasbini” o‘zgartirib firibgarlik jinoyatiga o‘tgan. Firibi uchun ikki marotaba yana sudlangan. Oxirgi marta 3 yilu 9 oyga ozodlikdan mahrum qilingan. Biroq jazo muddatini o‘tab qaytiboq eski hunariga qo‘l urdi. U 2023 yilning 24 avgustida tanishi T.Mirkomil ishlayotgan qurilishga keldi. Tanishini ishga kirmoqchi ekanligiga ishontirdi va undan ishga joylashguncha tunash uchun joy so‘radi. Tunda gurunglasha turib, narxi bir million so‘m bo‘lgan uyali telefonini bir kunga foydalanish uchun so‘radi. Ertasi go‘yoki ish qidirgani shaharga tushib ketdi. Shu kuni telefon ilovasiga ulangan “Click” orqali Mirkomilga tegishli bo‘lgan plastik kartasi hisobida bo‘lgan 500.000 so‘m pullarini yechib olib, kamiga telefonni sotib yubordi. Avvaliga Mirkomil ikki kun o‘tsa hamki telefoni qaytarilmaganiga eʼtibor bermadi. Ammo xarid uchun do‘konga kirgan Mirkomil kartasida tiyin ham qolmaganini bilgach, ichki ishlar organlariga murojaat qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi ochiq sud majlisida 1995 yilda tug‘ilgan, muqaddam 2018-2021 yillarda o‘g‘irlik, 2022 yilda ikki bor firibgarlik uchun sudlangan D.Javohirmirzoxo‘janing qilmishini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) hamda 169-modda 3-qismi “a” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybdor deb topdi. Aybdorning jabrlanuvchiga yetkazilgan zararning to‘liq qoplaganligi, jabrlanuvchining daʼvosi yo‘qligi, qilmishidan pushaymonligi eʼtiborga olinib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yilga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.

Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Matlubaxon Xoldorovaning ish yurituvidan olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech