Yoshlik – g‘ayrat-shijoati, betizgin orzu-umidlari, kelajak hayotga dadil qadamlari bilan go‘zal. Lavhamiz qahramoni leytenant Baxtiyor Sobirov otasi – uzoq yillar ichki ishlar idoralarida xizmat qilib ayni damda nafaqada – Yusupbay akaning el-yurt tinchligi yo‘lidagi mehnatlari, obro‘-eʼtibori, qatʼiyati, mardonavorligini ko‘rib voyaga yetdi. Otasining izidan borishga ahd qilgani bois, IIV 1-sonli akademik litseyni bitirgan yili Jamoat xavfsizligi universitetiga o‘qishga kirdi. 2024 yilda uni muvaffaqiyatli tamomlab, poytaxt IIBB Mirobod tumani IIO FMB profilaktika inspektori lavozimida ish boshladi. Profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Zokir Haydarov yosh, tirishqoq, bilimga intiluvchan yigitga ustozlik qildi. Qahramonimizning aytishicha, o‘qish bilan amaliyot o‘rtasidagi tavofut tajribali xodimlar bilan ishlaganda bilinadi. Shu bois ustozidan imkoni boricha sohaning qirralarini ko‘proq o‘rganishga kirishdi. Aslida Baxtiyor, yoshi ulug‘, ko‘p yillik tajribaga ega xodimlarning hammasini o‘ziga ustoz deb biladi. Chunki, kimdandir nimanidir o‘rganadi, yo‘l-yo‘riq so‘raydi, maslahatlashadi. Bugun Mirobod tumani IIO FMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi Maʼmuriy amaliyot guruhi inspektori, leytenant Baxtiyor Sobirov yosh bo‘lishiga qaramay zimmasiga yuklangan vazifalarning masʼuliyatini chuqur anglaydi. U maʼmuriy bayonnomalarning qonunan to‘g‘ri rasmiylashtirilganligi, hisobotlarning aniq va bexato yuritilishiga katta eʼtibor beradi, so‘rab o‘rganishdan orlanmaydi. Kerak bo‘lsa, otasi Yusupbay akani ham tinch qo‘ymaydi, maslahat soladi, bahslashadi. Lavhamiz qahramonining oldiga qo‘ygan maqsadlari esa hali ko‘p. O‘zi singari yoshlarni esa to‘g‘ri, sog‘lom turmush tarzini tanlash, eng avvalo o‘zligini anglashga, yurtimiz, xalqimizga asdoydil xizmat qilishga bel bog‘lamoqqa, yaxshilik qilishga shoshilmoqqa chaqiradi.