Tumanning 26-mavzesida joylashgan «Shirin» mahalla fuqarolar yig‘inida hudud osoyishtaligini ta’minlash maqsadida olib borilayotgan keng qamrovli tadbirlar ijobiy samarasini bermoqda.
– Hamjihatlik, hamkorlik va o‘zaro ishonch bor joyda yuksalish bo‘ladi, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Guljahon Hasanova. – Bugun mahallalarda aholi farovonligini oshirish borasida juda katta ishlar olib borilayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Quvonarli tomoni, mavjud imkoniyatlardan biz ham unumli foydalanib kelyapmiz. Eng muhimi, mahallamiz tinch-osoyishta. Shu bois «yashil» toifaga kiritilgan.
Kezi kelganda ta’kidlash lozimki, zamonaviy mahalla fuqarolar yig‘ini binosida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, profilaktika inspektori, yoshlar yetakchisi, hokim yordamchisi va xotin-qizlar faoli namunali faoliyat olib borishi uchun barcha sharoitlar muhayyo. Axborot-resurs markazida esa turli mavzulardagi adabiyotlardan tashqari, mamlakatimizda chop etiladigan vaqtli matbuot nashrlarini ham mutolaa qilishingiz mumkin. Mahalla hududini ko‘zdan kechirar ekansiz, zamonaviy bolalar o‘yingohlari, ichki asfalt yo‘lakchalar ham e’tiboringizdan chetda qolmaydi.
Profilaktika katta inspektori, mayor Tolmas Shayqulov, yoshlar yetakchisi Abduaziz Abdujabborov, xotin-qizlar faoli Dilorom Umarova va boshqa faollarning hamjihatligi sabab «yashil» toifadagi mahalla har jihatdan boshqa mahallalarga namuna bo‘lib kelmoqda.