Bugun erta tongdan poytaxtimiz ko‘chalari chiroyli maktab formalari kiyib, sochlariga oppoq bantlar taqqan, qo‘llarida rango-rang turfa gullar ko‘targan maktab o‘quvchilari bilan to‘ldi. Har birining yuzida hayajon va o‘zgacha quvonch. Barcha bilim maskanlari: maktablar va litseylarda “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz” shiori ostida birinchi qo‘ng‘iroqlar jarangladi.
Bilim olishga intilib borayotgan yoshlarimizning xavfsizligini taʼminlash va jamoat tartibini saqlash tadbirlariga Toshkent shahar IIBB hamda Milliy gvardiya xodimlari jalb etilib, ular o‘zlariga biriktirilgan hududlarda bilimlar kunining ko‘tarinki ruhda o‘tishini uyushqoqlik bilan tashkil etdilar.
Bilimlar kuni Respublika IIVning 1-sonli Toshkent akademik litseyida ham tantanavor o‘tkazildi. Tadbirda litsey o‘quvchilari tomonidan sahnalashtirilgan teatr tomoshasi va musiqiy chiqishlar namoyish etildi. Toshkent shahar IIBB faxriylari va bir guruh xodimlari litsey o‘quvchilarini yangi o‘quv yili bilan tabriklab, o‘qishlarida muvaffaqiyatlar tiladilar.
Anʼanaga ko‘ra birinchi dars “Mustaqillik” darsi bilan boshlandi. Unda yurtimizning shonli tarixi, mustaqillik yo‘lida jonini fido qilgan, hurlik va ozodlik uchun kurashgan jadidchi ajdodlarimiz faoliyatiga to‘xtalib, Yangi O‘zbekistonning kelajagi bugungi yoshlar qo‘lida ekanligi aytib o‘tildi. Buning uchun esa albatta chuqur bilim olish, kitob mutolaa qilish, dunyoqarashni shakllantirish, ilg‘or ilmu fan yutuqlaridan boxabar bo‘lishlik lozimligini taʼkidladilar.