2 May 2025 Yil 1483

Yangi loyihaga start berildi

Oila tinch bo‘lsa, yurt tinch bo‘ladi. Prezidentimizning tashabbusi bilan oilalar mustahkamligini taʼminlash, jamiyatda, oilada sog‘lom muhitni yaratish, qiyin ahvolda qolgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini tizimli o‘rganish va bartaraf etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bu borada poytaxt ichki ishlar organlari tomonidan hokimlik, tegishli mutasaddi idoralar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan manzilli ishlar belgilab olingan. Kuni kecha esa Toshkent shahar tajribasi tariqasida “Xavfsiz oila” konsepsiyasi doirasida hamkorlikda ishlab chiqilgan yangi loyihaga start berildi. Oila-turmush doirasidagi jinoyatlarning oldini olish, oilada sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ushbu qo‘shma loyiha: Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, poytaxt Hokimligi, Toshkent shahri bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati, Prokuraturasi, Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi va Toshkent harbiy okrugi hamkorligida qabul qilingan bo‘lib, uning asosida ishchi guruhi tashkil etildi va o‘z faoliyatini boshladi. Aniqroq qilib aytsak, tumanlar kesimida nosog‘lom turmush tarzini kechirayotgan, ishsiz, muayyan kasb-korga ega bo‘lmagan, ijtimoiy-maishiy muammolar yechimiga muhtoj bo‘lgan oilalar o‘rganilib, 15 ta oila va ularning 50 ga yaqin farzandlari bilan poytaxtning Yunusobod tumanida joylashgan Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatish markazida manzilli ish boshlandi. Bir oy davomida ushbu oilalarning muammolari o‘rganilib, shakllantirilgan psixologik portretlari asnosida psixologik, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Moyilligi va iqtidoriga ko‘ra kasb-hunarga o‘qitish, sport to‘garaklariga jalb etish ishlari olib boriladi. Yuqoridagi tadbirlar barobarida oila aʼzolarining madaniy hordiq chiqarishlari ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu tadbir ularning o‘zaro yaqinlashishi, bir-birlarini yaxshiroq tushunishlari, rishtalarning mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, Markazda masʼullarning har bir harakati, intilishlari mazkur oilalarning to‘laqonli, baxtli, o‘zaro ahil va totuvlikda yashashlari, farzandlar tarbiyasida faol va ibrat bo‘lishlariga qaratilgan. Bu xayrli va ezgu ishlar hademay o‘z ijobiy va samarali natijalarini ko‘rsatishiga shubha yo‘q. Aslida-ku bunday oilalarning bo‘lmasligi tarafdorimiz, biroq guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, qancha inson bo‘lsa, uning tarbiyasi, xulq-atvori, yashash tarzi, tushunchasi ham shuncha. Demak, ular bilan ishlash, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, baxtli bo‘lishiga imkon berish zarur.

Barcha yangiliklar

Text to speech