Mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, yurt ravnaqi va farovonligini taʼminlash, adolatli va fuqarolik jamiyatini yaratish yo‘lida mehnat qilgan, o‘z jonlarini tikkanfidoiy xodimlarimiz va faxriylarimiz hamisha yodimizda va eʼzozimizda. Ularning qonun ustuvorligi, huquqiy davlat barpo etish yo‘lidagi mashaqqatli va zalvorli xizmatlari, tajribalari bugungi yosh xodimlar uchun hamisha ibrat maktabi bo‘lib qoladi. Garchi aksariyat xodimlar bugun safimizda bo‘lmasa-da ularning jasorati, Vatanimiz va xalqimiz manfaatlari himoyasidagi mardliklari hech qachon unutilmaydi. “9 may – Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi rahbariyati, sohaviy xizmatlari, hududiy tuzilmalari rahbarlari hamda profilaktika inspektorlari o‘z hududlarida istiqomat qilib kelayotgan jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olishda sidqidildan mehnat qilib, ayni damda qarilik gashtini surayotgan ko‘plab faxriylarimizning xonadonlariga tashrif buyurishdi. Tashrif chog‘ida har bir faxriyning jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish, xizmatni takomillashtirish, samaradorligini oshirish borasida qo‘shgan hissalari taʼkidlanib, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining tabriknomasi o‘qib eshittirildi. Shuningdek, xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlar xotirasiga chuqur ehtirom bildirilib, oila aʼzolariga yana bir bor hurmat va minnatdorlik izhor etilib, rahbariyatning tabrigi yetkazildi. Bu kabi tadbirlar xotira mangu, qadr bebaho ekanligidan yana bir bor dalolat bermoqda.