27 Noyabr 2024 Yil 1549

Toshkent shahar IIBB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar faoliyatining natijalari haqida

Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar faoliyati ayollarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, diskriminatsiya va zo‘ravonlikning barcha shakllariga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, huquqbuzarliklarni erta davrda oldini olishga qaratilgan. Ushbu yo‘nalishlarda katta inspektorlar va manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda 2024 yilning 10 oyi davomida sezilarli ishlar amalga oshirildi.

O‘tgan davrda Toshkent shahrida turli xil tazyiq va zo‘ravonliklardan jabr ko‘rgan xotin – qizlarga 1623 ta himoya orderlari berildi. Ulardan 457 nafari jismoniy zo‘ravonlik, 58 nafari iqtisodiy zo‘ravonlik, 1063 nafari ruhiy zo‘ravonlik, 45 nafari esa boshqa tazyiqqa uchragani ma'lum bo‘lgan. Himoya orderi berish natijasida: 755 ta oila yarashtirildi. 742 ta nizo bartaraf etildi. Shuningdek, xotin – qizlarning 92 nafari reabilitasiya markaziga joylashtirilib, tibbiy va psixologik ko‘maklar berildi.

Bundan tashqari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda quyidagi ishlarni amalga oshirdilar: 356 nafar ayol ishga joylashtirildi, 726 nafar ayolga moddiy yordam ko‘rsatildi, 70 nafari tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda qo‘llab-quvvatlandi.

Shu bilan birga, hisobot davrida ayollar uchun 3.3 mingdan ortiq sport va madaniy-ommaviy tadbirlar tashkil etildi. Mahallada va ta'lim muassasalarida huquqbuzarliklar va jinoyatlarni oldini olish, ayollar huquqi va erkinliklari bo‘yicha qonunlarni tushuntirishga qaratilgan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Shuningdek, 2024 yil 20 oktyabrdan 20 noyabrgacha inspektorlar tomonidan «Oilaviy nizolarni mediasiya tartibida hal etish» yo‘nalishida maxsus profilaktik tadbir tashkil etildi. Ushbu tadbir davomida 348 ta ajrim yoqasidagi oilalar o‘rganildi, 338 ta oila bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi, tushuntirish ishlari natijasida 151 ta oila yarashtirildi, 156 ta oiladagi nizolar bartaraf etildi, 116 ta oila muammolari hal etildi. 16 nafar ayol reabilitasiya markaziga joylashtirildi. 260 nafariga yuridik yordam, 225 nafariga esa psixologik yordam ko‘rsatildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech