Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardagi ustuvor vazifalardan biri – xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir davlat siyosatini samarali amalga oshirish, ularning haq-huquqi, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoyalash, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, teng huquqlilik va imkoniyatlari kafolatini taʼminlashdir. Hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlar, belgilanayotgan vazifalarning ijrosini taʼminlash Toshkent shahar IIBB rahbariyatining ham doimiy diqqat-eʼtiborida. Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi xizmatida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha xodimlar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi bu borada muhim o‘rin kasb etadi. Mazkur yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Podpolkovnik Shirin Normatova bir necha yillardan buyon boshqarmada xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshliq o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib keladi. 2011 yilda Respublika IIV Akademiyasini muvaffaqiyatli tamomlab, Samarqand shahri IIB Tergov bo‘limida ish boshlagan Shirin faoliyati davomida katta hayotiy tajriba orttirdi. Bu tajriba ichki ishlar organlarining turli sohalarida ishlaganida yana-da boyidi va sayqallanib bordi. Uning Toshkent shahar IIBB Terrorizmga qarshi kurash bo‘limidagi faoliyati davrida turli yo‘llar bilan xorijga chiqib, o‘zga yurtlarda farzandlari bilan xo‘rlik va musibatlarni boshidan kechirgan ayollarimizni norasida farzandlari bilan yurtimizga qaytarish bo‘yicha amalga oshirilgan maxsus “Mehr” tadbirida ko‘rsatgan alohida xizmatlarini eʼtirof etish lozim. Yuqoridagi lavozimda 2022 yili ish boshlagan lavhamiz qahramoni zo‘ravonlikka uchragan, umidsizlik, tushkunlikka, qiyin va murakkab vaziyatlarga tushgan ayol-qizlarimizga ko‘mak berish, jamiyatga qaytarish, hayotda, oilada o‘z o‘rnini topishi yo‘lida butun g‘ayrat-shijoatini sarf qilmoqda. Uzoqqa bormaylik, o‘tgan 2024 yilning o‘zida 900 dan ortiq ayollarga moddiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, 400 dan ortig‘i ishga joylashtirildi, 150 ga yaqiniga tibbiy muassasalarga imtiyozli yo‘llanmalar, 40 dan ortig‘iga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar rasmiylashtirildi, 80 dan ortiq tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga qaror qilgan ayol-qizlarga tegishli yo‘riq va maslahatlar berilgan bo‘lsa, 30 ga yaqin o‘quv yurtlarining shartnoma pullarini to‘lay olmay o‘qishni to‘xtatganlarga shartnoma pullarini to‘lab berishga erishildi. Oiladagi zo‘ravonlik va kamsitilishlarga uchragan 150 ga yaqin ayollar reabilitatsiya markazlariga joylashtirildi. Bundan tashqari 2023 yildan “Men kuchli ayolman” loyihasi rahbari bo‘lgan Shirin Normatova loyiha doirasida 130 ga yaqin ayollarning hayotda o‘z o‘rinlarini topish, kasb-hunar egallashiga hissa qo‘shdi. Bu loyihaga joriy yilda 300 nafar ayolni jalb qilishni rejalashtirgan.
Kuni kecha Xotin qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamda Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan tashkillashtirilib, 2022 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Yil ayoli -2024” milliy ko‘rik-tanlovi respublika bosqichida podpolkovnik Sh.Normatova 12 nominatsiyalardan biri – “Yilning eng vatanparvar ayoli” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi va maxsus sertifikatni qo‘lga kiritdi. Taʼkidlash joizki, qahramonimiz uchinchi marotaba ushbu nominatsiya bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelmoqda. Toshkent shahar IIBB rahbariyati, shaxsiy tarkibi jonkuyar, fidoyi, o‘z vazifalarini sidqidildan bajarib kelayotgan hamkasbimiz, podpolkovnik Shirin Normatovaning xizmatlariga berilgan munosib maqom bilan tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, oilasiga tinchlik, farovonlik, kelgusi ishlariga katta muvaffaqiyatlar tilab qoladi.