Mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymay oldini olish orqali hududlarda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, mahalla ahlining tinch-totuv yashashi, mehnat va ijod qilishi uchun barqaror shart-sharoitlar yaratish maqsadida, poytaxt IIBBning joylardagi tizimlari tomonidan qator amaliy ishlar bajarib kelinmoqda. Jumladan, Prezidentimiz tomonidan joriy yilning yanvarida qabul qilingan “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan chora-tadbirlar amaliyotga tatbiq etilib, ijrosi ta'minlanmoqda. Shayxontohur tumani “Mannon Uyg‘ur” mahallasida ushbu qaror ijrosini ta'minlash, jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etishga moyil shaxslarni aniqlash barobarida, aholining ehtiyoj va turmush shart-sharoitlari ham o‘rganib chiqilmoqda. Xususan, tuman IIO FMB rahbariyati, mahalla yettiligi va mas'ullar hamkorligida hududdagi 16 ta xonadon o‘rganildi. O‘rganish jarayonida vaqtincha ishsiz bo‘lgan 2 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 2 nafarining yashash shart-sharoitlarini yaxshilashda yordam ko‘rsatish uchun ijtimoiy reestrga kiritildi. Sihat-salomatligini tiklashga muhtoj bo‘lgan 4 nafariga esa tibbiyot muassasasiga yo‘lanmalar ajratildi. 7 nafar shaxslar bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, murojaatlari yuzasidan huquqiy tavsiya va maslahatlar berildi.
Mahallada istiqomat qiluvchi 1-guruh nogironi bo‘lgan 1974 yilda tug‘ilgan R.Rahmatov moddiy yordamga muhtoj bo‘lganligi sababli ijtimoiy reestrga kiritildi. O‘z uyida novvoychilik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan Shofayzi ko‘chasida yashovchi 2004 yilda tug‘ilgan A. Komilovning murojaati ijobiy hal qilinib, foydali mehnat bilan band qilindi. “Kambag‘allik reestri”da ro‘yxatda turgan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida yashovchi 1982 yilda tug‘ilgan H. Abidova moddiy qo‘llab-quvvatlansa, o‘z uyida kosmetologiya xonasi tashkil etish istagini bildirdi. Ayolga o‘z-o‘zini band etishi uchun pul mablag‘i ajratilib, mazkur reestrdan chiqarildi. Yuqoridagi qaror ijrosini ta'minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga barham berish maqsadida bu kabi xayrli ishlar tumanning boshqa mahallalarida ham davom ettirilmoqda.