28 Avgust 2024 Yil 1219

Vazifamiz faqat jazolash emas

Mayor Munisa Murodullayeva Sergeli tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi. O‘rta maktabni tamomlab, ichki ishlar xodimi bo‘lish niyatida hujjatlarini IIV Akademiyasiga topshirishini aytganida otasi Rustam aka va onasi Oygul opa bu kasbning mashaqqatlari borligi, yana bir bor o‘ylab ko‘rishini tavsiya qilishgandi. Ammo  bir so‘zli Munisa  o‘z fikridan qaytmadi. 2017 yilda IIV Akademiyasini muvaffaqiyatli tamomlab, Sergeli tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limida tergovchi lavozimida ish boshladi. Ustozlari: tajribali va o‘z sohasining bilimdonlari bo‘lmish katta tergovchilar, podpolkovniklar Jamoliddin Jamilov, Umida Yusupjanovalardan  surishtiruv-tergov jarayonida  gumonlanuvchilar, ayblanuvchilar va jabrlanuvchilar bilan ishlashda avvalo o‘zini qanday tayyorlash, nimalarga eʼtibor berish, ayblanuvchining shaxsini o‘rganish, qanday yondashish, jinoyatlarni to‘g‘ri tasniflash kabi sohaning o‘ziga xos qirralari va jihatlarini qunt va eʼtibor bilan o‘rgandi. Dastlabki davrlarda tergov jarayonini nazorat qilish va ishiga baho berishni ustozlaridan so‘rashdan iymanmasdi. Tergovchilik kasbi  doimo o‘rganish va izlanishni talab qiladi. Hatto yurtingda, dunyoda yuz berayotgan voqealardan ham xabardor bo‘lishni taqozo etadi. Zotan, sen tergov qilayotgan shaxs sendan bilimliroq va ko‘proq maʼlumotga ega bo‘lsa, bu nafaqat sening maʼnaviy mag‘lubiyatingdan, balki ustunlikni boy berganingdan darak beradi.

– Aksariyat jinoyatchilarni bilimsiz, madaniyatsiz, to‘pori, dunyo bexabar, kaltafahm bo‘ladi, deb o‘ylashadi ayrimlar. Biroq amaliyotimda tariximizni, dunyo voqealari, bugungi ilg‘or texnologiyalar, jahonda yuz berayotgan voqealar haqida o‘z mustaqil fikriga ega, madaniyatli bo‘lganlari ham yo‘q emas. Bundaylarga ro‘baro‘ kelganingda beixtiyor shunday odamlarning jinoyatga qo‘l urganiga afsuslanib ketasan, kishi, – deydi mayor Munisa Murodullayeva. – Chunki ular jamiyatimizga qancha foyda keltirishi mumkin edi-da. Taʼkidlashim lozimki, vazifamiz jinoyat kodeksining tegishli moddalarni qo‘yib shaxsni faqat panjara ortiga jo‘natish emas. Balki, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, hayotlarini tiklashga, ezgulikka ishonch tug‘dirish, jinoyatning qorong‘u, boshi berk ko‘chasiga adashib yoki boshqa sabab bilan kirib qolganlarga chiroq tutib, yorug‘lik sari yetaklash burchimizdir.


Barcha yangiliklar

Text to speech