Shohruh Ahmedov mustaqilligimiz tengdoshi. U Toshkent viloyati Parkent tumanidagi o‘rta maktabni tugatib, O‘zbekiston Qurolli kuchlarida yigitlik burchini o‘tab qaytgach, IIV Akademiyasiga hujjatlarini topshirdi. 2017 yilda uni tugatib, Toshkent viloyati Parkent tumani IIB tergov bo‘limida leytenant unvonida ish boshladi. Garchi o‘qish davrida amaliyotda yaxshi ko‘rsatkichlarga erishganiga qaramay ish jarayoniga moslashish, ko‘nikma hosil qilishda ustozlari – bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Jaloliddin Yakubov, tergovchi, katta leytenant Tabiddin Shoxobovlarning xizmatlari katta bo‘ldi. Ulardan kasbining sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgandi. Ustozlarining o‘giti va maslahatlariga amal qilgan yosh tergovchining ish jarayonida jinoyatni to‘laqonli fosh etish, aybdorning shaxsi, jinoyat sabablariga eʼtibor berib, qonunan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilinishi natijasida u yuritgan hech bir jinoyat ishi qayta tergov uchun qaytarilmagan. Shohruh 2023 yili Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi katta tergovchisi lavozimida ish boshlab, ayni kunda o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchi bo‘lib xizmatni davom ettirmoqda. Kapitan Shohruh Ahmedov o‘z kasbini eʼzozlaydi, mustaqillik haqida esa:
– Hayotimda nimaiki muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsam, mustaqilligimiz sharofati bilan, – deydi. – Osmonimiz tinch, xalqimiz turmushi kundan kunga farovon bo‘lib bormoqda. Yaratilayotgan imkoniyatlar sidqidildan ishlash, bor imkoniyatlarni Vatan ravnaqi va baxtli kelajagi uchun sarflashga undaydi. O‘z uyingni qanchalik obod qilishga intilganing kabi Vatanni ham shunchalik obod qilishga intilish lozim, deb o‘ylayman. Zotan, har birimizning uyimiz Vatan ichra Vatandir.