21 Oktyabr 2025 Yil 312

Vatan koriga yarash – oliy maqsad bo‘lmog‘i lozim

Yurtimizda yoshlarni vatanparvarlik, el-yurt manfaatlari himoyachisi, milliy qadriyatlarimiz, tarixiy anʼanalarimizga sodiqdik ruhida tarbiyalash ishlariga davlat siyosati darajasida qaralayotgani hech qaysi davrda dolzarbligini yo‘qotmaydigan jarayon. 2023 yilning 13 yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan chora-tadbirlar bunga yaqqol misol. Mazkur yig‘ilishda yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha profilaktik hisobda turgan va tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan harbiy qismlar bazasida har chorakda kamida bir marotaba “Jasorat maktabi” harbiy vatanparvarlik o‘quv-yig‘inlarini tashkil etish va o‘tkazish belgilangan. Shu maqsadda poytaxtning har bir tumanidan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, uyushmagan yoshlar ro‘yxati shakllantirildi. Yuz nafar yoshlar Chirchiq shahrida faoliyat yuritayotgan harbiy qismga 10 kunlik o‘quv-seminariga jalb etildi. Yoshlar guruhlarga taqsimlanib, har bir guruhga ofitser va serjantlar biriktirildi. Taʼkidlash joizki, yilning har choragida tashkillashtirib kelinayotgan bu tadbirlarga bugunga qadar jami to‘rt yuzdan ortiq yoshlar jalb qilinib, ularning har tomonlama rivojlanishi, zamonamizning barkamol insonlari bo‘lib yetishishi, vatanparvarlik ruhini singdirish, huquqiy bilim va savodxonligini oshirish kabilarga katta eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadlarda yoshlar Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurti va Chirchiq shahridagi harbiy qismlar faoliyati bilan yaqindan tanishib vatan himoyachisi bo‘lish kabi sharafli yo‘lni tanlashga qiziqishlari ortmoqda. Ahamiyatlisi, yoshlarning har biriga individual yondashib, tadbirkorlik sohasiga qiziquvchilar uchun o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 10 kunlik biznes seminar-treninglari ham tashkil etildi. Ishtirokchilarga imtiyozli kredit olishlari uchun maxsus sertifikatlar topshirildi. Shuningdek yig‘in ishtirokchilarining qiziqishlari inobatga olinib, hunarga o‘qitishga ham ijobiy yondashildi. O‘quv-yig‘ini qatnashchilarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida, konsert dasturlari, “Zakovat “intellektual o‘yinlari, taniqli sportchi va sanʼatkorlar bilan uchrashuv va davra suhbatlarining tashkillashtirilishi ularning ruhiyatiga ijobiy taʼsir ko‘rsatdi. “Jasorat maktabi” doirasida o‘tkazilgan o‘quv-yig‘inining barcha qatnashchilariga yig‘in yakunida kitoblar to‘plami va boshqa qimmatbaho sovg‘alar ulashildi. Bu kabi tadbirlar yoshlarning o‘z hayoti va kelajagiga masʼuliyat bilan yondashishi, yurtimizga kerakli, xalqimiz uchun foydali insonlar bo‘lib yetishishlariga rag‘batlantirishi shubhasiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech