Yashnobod tumanida navbatdagi sayyor qabul bo‘lib o‘tdi
Yashnobod tumanidagi “Monomarkaz” binosida O‘zbekiston Respublikasi Xalq qabulxonasi rahbariyati bilan birgalikda sayyor qabul o‘tkazildi. Ushbu tadbirda tuman IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik Oybek Kaimxodjayev va sektor rahbarlari ishtirok etdi.
Qabulda 40 nafardan ortiq jismoniy va yuridik shaxslar qatnashib, turli masalalar bilan murojaat qildilar.
Qabul davomida elektroenergiya masalalari, tergov-surishtiruv harakatlari, sog‘liqni saqlash, uy-joy va moddiy yordam masalalari, shuningdek mulkiy nizolar va boshqa ijtimoiy masalalar bo‘yicha murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Har bir murojaatga alohida eʼtibor berildi. Baʼzi murojaatlar joyida hal qilindi, boshqalari esa qo‘shimcha tekshiruv va tahlilni talab qilganligi sababli kelgusida hal etish uchun nazoratga olindi.
Qabul davomida podpolkovnik O..Kaimxodjayevga tumanda yashovchi Abduraxmon M. murojaat qildi: u istiqomat qilayotgan ko‘p qavatli uyda issiqlik tizimida uzilishlar borligini aytib, uni taʼmirlashda yordam so‘radi. Ushbu murojaat nazoratga olindi va issiqlik tizimi mutaxassislari, boshqaruv servis kompaniyasi jalb qilingan holda tizimdagi kamchiliklar bartaraf etildi.
Bunday tadbirlar fuqarolar va davlat organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yaxshilash, shuningdek, aholi ijtimoiy va huquqiy muammolarini tezkor hal qilishga qaratilgan. Shu kabi sayyor qabullar boshqa tumanlarda ham tashkil etilmoqda.