Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
Toshkent shahar IIBB shaxsiy tarkibi bilan o‘tkazilgan navbatdagi Maʼnaviyat va maʼrifat darsi “Ona tilim – jonu dilim” mavzusiga bag‘ishlandi. Tadbirda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, yozuvchi va shoir To‘lqin Eshbekov maʼruza qildi. U o‘z nutqida, o‘zbek tili jonajon Vatanimizda yashayotgan barcha fuqarolarimiz uchun aziz va qadrli tilga aylanishi, uning jozibadorligini oshirish uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etishimiz zarurligini taʼkidlab o‘tdi. Zero, til – o‘zligimizni anglash ramzi, unga bo‘lgan hurmat, xalqimizga, uning betakror madaniyati va tarixiga hurmatdir.
Tadbir davomida ishtirokchilarga “Tahlilnoma” axborot dasturi namoyish etildi.
Shuningdek, 25 oktyabr — O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan Bosh boshqarmada kitob yarmarkasi tashkil etildi. Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad poytaxt Ichki ishlar organlari xodimlarining kitobxonlik madaniyati, maʼnaviy-maʼrifiy va huquqiy bilimini oshirishdan iboratdir. Kitob yarmarkasida mamlakatimizdagi yirik nashriyot va matbaa korxonalari mahsulotlari namoyish etildi. Kitobsevarlar huquqiy mavzudagi yangi nashrlar, ilmiy-ommabop kitoblar, o‘zbek adabiyoti klassiklari, xorij mualliflarning asarlarini xarid qilish imkoniga ega bo‘ldilar.