Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Toshkent shahar IIBB shaxsiy tarkibi orasida o‘tkazilgan navbatdagi Maʼnaviyat va maʼrifat darsi “Kelajak yaratuvchilari” mavzusiga bag‘ishlandi. Tadbirda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, yozuvchi va shoir To‘lqin Eshbek maʼruza qildi. U o‘z nutqida, hayotimizni ilmsiz tasavvur etib bo‘lmasligini, ilmga, taʼlimga katta eʼtibor bergan davlat taraqqiyotga yuz tutishini, shuningdek taʼlimni ustozlarsiz ham tasavvur etib bo‘lmasligini, zero, o‘qituvchi va ustozlar eʼzoz topgan jamiyatda rivojlanish hamda farovonlik bo‘lishini alohida taʼkidlab o‘tdi.
Shuningdek, yig‘ilish qatnashchilariga Toshkent shahar IIBBning iqtidorli xodimlaridan iborat “Nihol” jamoasi tomonidan bayram konserti namoyish etildi.
Tadbir yakunida ustozlarga gul va esdalik sovg‘alari topshirildi.