Har bir inson o‘z uyi haqida orzu qiladi. Bejizga uy vatanga qiyoslanmaydi. Balkim, uy shu vatan ichida bo‘lganligi uchundir. Har kim katta, yorug‘ va chiroyli, mustahkam, barcha sharoitlarga ega uyda hayot kechirishni istaydi. Farzandlari shinam, keng uy-joyda emin-erkin ulg‘ayishini niyat qiladi.
Sherzod Olmazor tumanida joylashgan, ukasi Botirning nomida bo‘lgan uyni sotishga qaror qildi. Bu haqda tanishi Murodga “yorildi”. Xonadonning shart-sharoiti o‘sha uyga kirib-chiqib yurgan Murodga yaxshi tanish bo‘lganligi bois, sotib olish istagini bildirdi. Har ehtimolga qarshi uyni yana bir bor ko‘zdan kechirgan Murodning uydan ko‘ngli to‘ldi. Avval qanday ko‘rgan bo‘lsa, shunday, “yevro, kir-u, yasha”. Joyida uy 140 ming AQSH dollariga baholandi.
Ertasi kuniyoq Murod Sherzodga vaʼda qilingan pullarni keltirib topshirdi. Sherzod ukasi qo‘shni davlatda ishlayotgani, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish uchun undan onlayn rozilik kutishini aytib, ozgina muhlat so‘radi. Ammo vaʼda qilingan vaqt o‘tsa-da hujjatlardan darak bo‘lmadi. Rasmiylashtirish u yoqda tursin, qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi. Qachon uyiga borsa, uyda yo‘q. Oradan oylar o‘tdi. Murodning sabr kosasi to‘lgach, ichki ishlar idoralariga murojaat qildi.
Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonida Sherzod jabrlanuvchidan olgan pullarni allaqachon o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborganligi, uyini sotish ukaning umuman xayoliga kelmagani maʼlum bo‘ldi. Mazkur holat bo‘yicha Sherzodga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov davom etmoqda.