Uzoq yillik ichki ishlar organlari tarixida ko‘plab o‘zgarishlar, suronli davrlar o‘tdi, lekin bu soha fidoyilari o‘z kasbiga sodiq qolib, yurt osoyishtaligi va xalqimiz tinchligini saqlashda davom etmoqda. Ular uchun burch, or-nomus, adolat tushunchalari shunchaki oddiy so‘z emas, balki ularning butun hayoti mazmuniga aylangan. Ana shunday fidoyilardan biri Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining eng tajribali xodimlaridan bo‘lgan polkovnik Yusup Osmanovich Djengaziyevdir.
1963 yilda Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida tug‘ilgan Yusup Osmanovich ichki ishlar organlari tizimiga 1984 yilda kirib kelgan hamda umrining deyarli 40 yilini o‘z sevgan kasbiga bag‘ishlagan va hanuzgacha jinoyatchilikka qarshi kurashning oldingi saflarida xizmat qilib kelmoqda.
1987 yilda hozirgi IIV Akademiyasini (oldingi IIV Toshkent oliy maktabi) tamomlab, hozirgi Yashnobod tumani IIO FMB tezkor vakili lavozimida faoliyat yurita boshlagan. Shundan so‘ng avvaliga katta tezkor vakil, so‘ngra bo‘linma boshlig‘i, shuningdek poytaxt Jinoyat qidiruv boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, ayni paytda esa Toshkent shahar IIBBning o‘ta muhim ishlar bo‘yicha xodimi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Ko‘p yillik tajribaga ega Yusup Osmonovich IIV va IIBB rahbariyati tomonidan bir necha bor rag‘batlantirilgan. Shuningdek, davlat mukofoti – “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.
Bu yil 60 yoshini qarshilagan polkovnik Yu.Djengaziyev Toshkent shahar IIBBda tantanali ravishda tabriklandi. Bosh boshqarma boshlig‘i general-mayor Aziz Tashpulatov taʼkidlaganidek, uning uzoq yillik samarali mehnati, erishgan yutuqlari, kasbiga bo‘lgan muhabbati barcha xodimlarga namuna bo‘lib, yosh xodimlar aynan shunday ustozlardan o‘rnak olishi kerak.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan polkovnik Yu. Djengaziyev kasbiy mahoratini oshirishda unga namuna bo‘lgan, kasbning o‘ziga xos sir-asrorlarini o‘rgatgan ustozlarining o‘rni kattaligini va ulardan minnatdor ekanligini alohida taʼkidladi.
Toshkent shahar IIBB rahbariyati va shaxsiy tarkibi polkovnik Yu. Djengaziyevni tavallud ayyomi bilan tabriklar ekan, unga ko‘plab iliq so‘zlarni bildirib, sog‘lik, uzoq umr va oilaviy farovonlik tiladi. Anʼanaga ko‘ra, tadbir qahramoniga milliy chopon kiydirilib, gullar va esdalik sovg‘alar topshirildi.