14 Iyun 2024 Yil 1064

Ushalmagan chet el orzusi

Farzandiga chiroyli ism qo‘yish ota-onaga farz. Begzodning ham ota-onasi o‘ziga bek, o‘qimishli,  olijanob, aqlli, davlatmand bo‘lsin degan niyatda shu ismni qo‘ydi. Biroq u ko‘p vaqtini internet tarmog‘idagi turli saytlar va  kanallarga kirib o‘tkazishni odat qildi. Real ish qidirish o‘rniga, ko‘ngliga yoqadigan, asosiysi, ter to‘kmay mo‘may pul olib keladigan ishni ijtimoiy tarmoqlardan qidira boshladi. Shunday urinishlarning birida, aniqrog‘i 2023 yilning iyunida chet davlatlarga ishga jo‘natuvchi guruh haqida bilib qoldi. Begzod sakkiz ming AQSH dollari evaziga Amerika davlatiga yuborish mumkinligi haqidagi eʼlonni va unda ko‘rsatib o‘tilgan maʼlumotlarni bilib oldi. O‘zi ham shunday faoliyat bilan shug‘ullanishga qaror qildi. Hademay uning telegram kanali ishga tushdi. Unga qo‘ng‘iroq qilgan shaxs AQSH davlatiga borish shartlari bilan qiziqdi. Begzod o‘z xizmatini 17 ming AQSH dollariga baholadi. Turkiya orqali Meksikaga va undan Amerikaga o‘tkazishini aytib, ishontiradi. Vaʼdani quyuq qilgan Begzod uch kishini aldab 51 ming AQSH dollariga chuv tushirishni rejalashtiradi. Biroq Amerika orzusidagi orzumandlarning biridan  aytilgan summani olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.

– Tergov jarayonida u chet elga olib chiqish qoidalaridan mutlaqo bexabarligi, bu haqda tasavvurga ham ega emasligi, shunchaki telegramda hazillashganini bayon etdi. Ammo bu aldovlarga xodimlarni ishonadi deb o‘ylab xato qildi, – deydi mazkur jinoyat ishini tergov qilgan Chilonzor tumani IIO FMB Tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor Kamoliddin Narziyev.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi tomonidan yetkazilgan zarar qoplanganligi inobatga olinib, Begzod O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasiga (“Firibgarlik”) asosan har oylik ish haqining 20 foizini davlat foydasiga ushlab qolingan  holda, 1 yilu 6 oyga  axloq tuzatish ishlariga  hukm qildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech