Uning o‘zi Ikromjon, uning o‘zi Abdulloh, uning o‘zi Yahyoxon...
Har bir ota-ona farzandiga ism qo‘yishda katta-katta orzularini unda mujassam etishni xohlaydi. Chindan ham aksariyat kishilarning qilayotgan amallari, yurish-turishi ismi jismiga monand ekanligidan darak beradi. Ammo baʼzilarning ismi mutlaqo aks tomonlarini ko‘rsatadi. Quyida eʼtiboringgizga havola qilmoqchi bo‘lgan jinoyat ishining “qahramoni” ham o‘z qilmishlari bilan ismini oqladi desak – afsuski, salbiy jihatlari bilan – hayron bo‘lmang. Axir olti marta firibgarlik jinoyati uchun sudlanib, sudga otning qashqasidek maʼlum bo‘lgan bu shaxsni “mashhur” deyish noto‘g‘rimi? Anglagan bo‘lsangiz kerak, yettinchi marotaba sudlanayotgan firibgarning ismi Mashhurbek. U 1998 yilda tug‘ilgan, maʼlumoti o‘rta, bir farzandning otasi. Kamiga retsidivist. “Hunari” – belini og‘ritmay pul topish ilinjida soddadil, ishonuvchan kimsalarning ko‘ngliga qo‘l solib, ishonchiga kirib, ularning cho‘ntaklarini qoqish. Albatta, bu qilmishlari uchun “pushaymonligi, tavba qilganliklari” haqida ont ichib, sud va jabrlanuvchilarning shafqatiga erishib bir necha marobata yengil jazo olishga muvaffaq bo‘lgan: jarima, axloq tuzatish ishlari tayinlangan. Biroq bundan tegishli xulosa chiqarmaganligi ko‘rinib turibdi. Yo‘qsa, yana jinoyatga qo‘l urarmidi? Mashhurbek eski hunarini qo‘msab, o‘ziga tegishli uyali telefoni imkoniyatlaridan foydalanishni reja qildi. 2023 yilning 10 dekabrida ijtimoiy tarmoqlar orqali telegramm ilovasida mavjud bo‘lgan kanaldan foydalangan holda, arzon narxlarda qulay va shinam xonadonlar borligi haqida yolg‘on maʼlumotlar va unga ilova sifatida ishonchli bo‘lishi uchun fotosuratlarni joylashtirib eʼlon berdi. Kechga borib, unga Yo.Zeboxon qo‘ng‘iroq qildi. Mashhurbek o‘zini rieltor Ikromjon Saʼdullayev deb tanishtirdi. Mijozning ko‘nglidagidek ikki xonali xonadonni, istaganidek yaqin manzildan topib berishga vaʼda berib, 600.000 so‘mini plastik kartasiga o‘tkazishga erishdi. 20 dekabr kuni B.Maqsudaga o‘zini rieltor Abdulloh Soliyev deb tanishtirdi va mijoz istagan xonadon borligiga ishontirib, 620.000 so‘m pulni plastik kartasiga o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. 26 dekabr kuni qo‘ng‘iroq qilgan Q.Dilshodga o‘zini rieltor Yahyoxon Obidov deb tanishtirib, 500.000 so‘m puliga ega chiqdi. Keyingi safar ism-sharifini o‘zgartirishga ehtiyoj qolmadi. Holbuki, ichki ishlar organlari xodimlari allaqachon mijozlarning murojaatlari bo‘yicha “mashhur” Mashhurbekning iziga tushgan, yetarlicha daliliy ashyolarga ega edi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi ochiq sud majlisida A.Mashhurbekning jinoiy qilmishlarini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b”, “g” bandlari (“Firibgarlik”), 141prim 2-moddasi 2-qismi “b”, “v” bandlarida (“Shaxsga doir maʼlumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish”) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Yetkazilgan zararning to‘liq qoplanganligi, jabrlanuvchilarning o‘zlari yengil jazo tayinlanishini so‘raganliklari eʼtiborga olinib, Sud Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari miqdorida jarima jazosini tayinladi.
Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari bilan Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash bo‘limi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Feruz Ismoilov tanishtirdi.