Qishloq hayoti Nodirjon Jumayevga yaxshi tanish. Shu jumladan ko‘cha changitib, g‘ayrat-shijoatini qayerga yo‘naltirishni bilmay egri ko‘chaga kirib qolgan yoshlar hayoti ham. Shu bois 2015 yili Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetini tamomlab, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Qashqadaryo viloyat kengashida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ish boshlagan Nodirjon asosiy eʼtiborini yoshlarning huquqiy bilimlarini, huquqiy savodxonligini oshirishga qaratdi. Yoshlarning har bir murojaati eʼtiborsiz qoldirilmadi. O‘qish va tadbirkorlik qilish niyatida bo‘lgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatladi. Iqtidorli bo‘la turib, oilaviy sharoiti tufayli oliygoh shartnoma to‘lovlarini to‘lay olmay o‘qishni tashlamoqchi bo‘lgan talaba yoshlarga to‘lovlarni to‘lashda amaliy yordam berdi. Bu borada tashkilot va mahkamalarga qayta-qayta eshik qoqib borishdan tortinmadi. Shuningdek, yosh oilalarga turar-joy, imtiyozli kreditlar ajratilishida, yosh tadbirkorlarga biznes-rejalar tuzishda amaliy yordam ko‘rsatdi. Uyushmagan yoshlarni uyushtirib, ish bilan taʼminlash, sport to‘garaklariga jalb qilish, shaxsiy korxonalarini ochishda biznes-rejalari tuzishda vaqtini ayamadi. Ishdagi fidoyiligi, yoshlar taqdiriga jonkuyarligi tufayli Nodirjon O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi qoshidagi Respublika yosh huquqshunoslar kengashiga bo‘lim boshlig‘i lavozimiga taklif etildi. Bu dargohda faoliyat yuritarkan Nodirjon kengash aʼzolari bilan birgalikda yurtimizning chekka qishloqlarida 70dan ortiq huquqiy maslahatxonalar tashkil etishga erishdi. Yengil turdagi, og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgan 80dan ortiq yoshlarni sud zalidan ozod qilish yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan yengil jazo turiga almashtirish, kafillik berib sud zalidan ozod qilish kabi ezgu ishlarni amalga oshirdi.
Yuqoridagi faoliyati davrida orttirgan malakasi va to‘plagan tajribasi tufayli 2021 yili Toshkent shahar Sergeli tumani IIO FMB 2-son IIBda profilaktika katta inspektori lavozimida ish boshlagan Nodirjon Jumayevga xizmatga moslashish va ko‘nikma hosil qilish deyarli muvaffaqiyatli kechdi. Shunga qaramay boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Abdurasul Tadjiyev va vazirlik tizimida ko‘p yillardan buyon xizmat qilib kelayotgan podpolkovnik Avazbek Inomovni ustoz sifatida minnatdorlik tuyg‘usi bilan tilga oladi.
Hozirda Sergeli tumani IIO FMB tashkiliy bo‘limi Murojaatlar bilan ishlash guruhi katta inspektori lavozimida ishlovchi, katta leytenant Nodirjon Jumayev mustaqilligimiz tengdoshi. Yurtimizda ozodlik shabadasini simib voyaga yetgan bugungi qahramonimiz bu haqda shunday deydi:
– Avvallari shahar va qishloqlarimiz o‘rtasida osmon bilan yercha farq bo‘lgan, qishloq doimo eʼtiborsiz va qoloq bo‘lib qolaverganligini yoshi kattalar aytishadi. Mustaqilligimiz tufayli bugun o‘rtadagi tafovut yo‘qolib bormoqda. Viloyatlarda oliygohlarning ochilishi, aholi hamma qatlamlari uchun birdek sharoit va imtiyozlarning yaratilishi mustaqilligimiz bergan oliy neʼmatdir. Mustaqilligimizning bardavom bo‘lishi, yurtimizning gullab-yashnashi biz yoshlarning qo‘limizda. Shunday ekan, bilim olishdan, oldingga intilishdan hech qachon to‘xtamasligimiz kerak. Ichki ishlar organlarida xizmat qilar ekanman, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlashda oz bo‘lsa-da hissam borligidan faxrlanaman.