Uchtepada aholi osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida tungi faoliyat o‘rganildi
Uchtepa tumanida aholining osoyishtaligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida olib borilayotgan tungi faoliyatni o‘rganish ishlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov tashrif buyurdi.
Tashrif davomida u Uchtepa tumani IIO FMB 1-son IIBda xizmat qilayotgan xodimlarning tungi navbatchilik jarayonlari, ularning xizmat sharoitlari va faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, mazkur bo‘limda tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan surishtiruv guruhi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ham ko‘zdan kechirildi.
Shundan so‘ng 2-son IIB hamda “Xuroson” mahallasi hududida joylashgan “Xuroson Servis DSK” MCHJ — Boshqaruv servis kompaniyasiga tashrif buyurilib, u yerdagi faoliyat hamda xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.
Mazkur tashrif doirasida aholi osoyishtaligini ta’minlash, profilaktik choralarni kuchaytirish hamda huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.