16 Avgust 2025 Yil 450

Uchtepa tumanida Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi

Muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan sayyor qabullar yordamida aholi bilan bevosita muloqot qilish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlab, joyida bartaraf etish yuzasidan amaliy ishlar o‘z natijasini bermoqda.
Xususan, navbatdagi sayyor qabul Uchtepa tumanida joylashgan “SAMO” inson taraqqiyoti xalqaro markazi binosida bo‘lib o‘tdi.
Uchtepa va Chilonzor tumani aholisining murojaatlarini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan mazkur qabulda poytaxt IIBB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev, Uchtepa tumani hokimi Bunyod Mamadjanov hamda boshqa mas’ul rahbarlar ishtirok etishdi.
O‘tkazilgan sayyor qabul davomida fuqarolar huquqiy-ijtimoiy mavzularda – tergovga qadar tekshiruv, tergov doirasidagi ishlar, bandlik, salomatlikni tiklash, ta’lim, yuridik munosabatlar bo‘yicha amaliy yordam so‘rab mas’ul rahbarlarga yuzlandilar. Murojaatlarning 14 tasi joyida ijobiy hal etildi, 8 tasi bo‘yicha malakali tushuntirish berildi. Ko‘rib chiqish qo‘shimcha muddat talab etadigan 12 ta murojaatlarning ijrosi nazoratga olindi. Xususan, bir nafar fuqaroning “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5 va 43-moddalariga muvofiq arizasi qanoatlantirilib, unga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ekanligini tasdiqlovchi ID kartasi tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, poytaxtimizda yashovchi 4 nafar yoshlarga 16 yoshga to‘lganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi ID kartasi topshirildi.
Qabuldan so‘ng bosh boshqarma boshlig‘i hamda tuman hokimi Farxod va Shirin mahallasi kesishgan hududda bunyod etilayotgan alleyani ko‘zdan kechirishdi. Xavfsiz ko‘chaga aylanishi rejalashtirilgan ushbu maskanda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari, xavfsizlik choralari bilan tanishildi. R.Sultanxodjayev tomonidan qo‘shimcha kuzatuv kameralarini o‘rnatish va ularni Yagona tezkor boshqaruv markaziga integratsiya qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Shundan so‘ng Toshkent shahar IIBB rahbariyati uzoq yillar ichki ishlar organlarida xizmat qilib nafaqaga chiqqan faxriy xodim Abror Ibragimovning xonadoniga tashrif buyurib, undan xabar oldilar va bir piyola choy ustida ish jarayonida bo‘lib o‘tgan esda qolarli voqealarni xotirladilar. So‘ngra shu tumanda istiqomat qiluvchi profilaktika inspektorining xizmat uyiga borilib, uning turmush tarzi, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti o‘rganildi hamda oilaviy yashash sharoiti ko‘zdan kechirildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech