Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida bo‘lib o‘tgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvida Uchtepa tumani IIO FMB rahbariyati, talabalar va mas’ullar ishtirok etdi. Uchrashuvni bilim yurtining yoshlar masalalari va ma’naviy ma’rifiy ishlar departamenti rahbari N.Raxmonov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda talabalar oldida so‘zga chiqqanlar: Uchtepa tumani IIO FMB boshlig‘i, polkovnik Dilmurod Mirsadikov, boshliq o‘rinbosari, podpolkovnik Abdurashid Ochilovlar ishtirokchilarning e’tiborini jinoyatchilik, huquqbuzarliklarning oldini olish masalalariga qaratdi. Chunonchi, tumanda va poytaxt hududida qayd etilayotgan jinoyatlar tahliliga, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklarga to‘xtalib, ularning salbiy oqibatlari haqida aniq misollar keltirdi. Shuningdek, ayni paytda dunyo miqyosida global muammoga aylanayotgan giyohvandlik, axborot texnologiyalari sohasida ko‘payib borayotgan kiberfiribgarlik va kiberjinoyatlar, ijtimoiy tarmoqlarda qadriyatlarimizga yot bo‘lgan buzg‘unchi g‘oyalar, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi havolalarga qarshi kurash, himoyalanish immunitetini oshirish mavzulariga to‘xtaldilar. Oliygohda tahsil davrini o‘z saodatli kelajagi uchun zamin yaratishga sarflash, har bir berilgan imtiyoz va imkoniyatlardan samarali foydalanish, oltinga teng yoshlik va talabalik yillarini foydali va mazmunli ishlarga bag‘ishlash tavsiya etildi. Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuv yakunida talabalar mavzu bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga javoblar olishdi. Bunday uchrashuvlar yoshlarning o‘z tanlagan sohalaridagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash barobarida huquqiy savodxonligini oshirib borish, haq-huquqlari qatorida fuqarolik majburiyatlarini ham anglash muhimligini namoyon etmoqda.