10 Iyun 2024 Yil 850

Tungi qaroqchilar

Ikki yosh yigitning ishlamay shohona yashashga bo‘lgan ishtiyoqi ularni jinoyatga qo‘l urishga majbur qildi. Tog‘ni ursa talqon qiladigan yoshda bo‘lgan ikki hamtovoq 2023 yilning oktyabr oyida uchrashib, jinoiy til biriktirishdi. Go‘yoki tun ularning qilmishini yashiradigandek tun qorong‘usida “o‘lja” qidirib, ko‘cha keza boshlashdi. Ularning ko‘zi uylarning yonidagi o‘rindiqda suhbatlashib o‘tirgan yigit-qizga tushdi. Har ikkisi ular atrofida quzg‘undek aylana boshlashdi. Yigitlarning niyati buzuqligini sezgan Jasur qizni uyiga kuzatib qo‘ydi, biroq qaytishda ularning changalidan qochib qutula olmadi.                          

– Diyor, bor anavidan  bu yerda nima qilib yurganini so‘ra ! Atay janjal boshla! U yog‘ini menga qo‘yib ber, – deb sherigiga buyruq berdi Dilshod.   Xojasining amrini kutib turgandek, Diyorbek zumda Jasurning oldida paydo bo‘ldi. Jasur o‘z navbatida qayerda xohlasa o‘sha yerda yurishini, unga hisobot bermasligini aytganida, Diyorbek uni atay baland ovozda haqoratlashga o‘tdi. Baqir-chaqirga Dilshod aralashdi. Jasurning qarshilik ko‘rsatishiga qaramay, qo‘llaridan tortqilab, ovloq joyga sudrashdi. Yonida qimmatbaho buyumlari, puli bo‘lsa yaxshilikcha berishini, yo‘qsa kaltaklanishini aytdi. Jasurning yonidagi 3 million so‘mlik uyali telefonini tortib olgach, ertaga kechki soat oltigacha bir million so‘m topib kelsa, telefonini qaytarib berishini aytib, tun qaʼriga sho‘ng‘ishdi.

Jasur Chilonzor tumani ichki ishlar idorasiga murojaat qilib, voqeani so‘zlab berdi. Ertasi kuni kelishilgan joyda zo‘ravonlarni kutib turdi. Ular  aytilgan vaqtda paydo bo‘lishdi. Ammo talonchilar Jasurning yoniga yaqinlashganda,  xodimlar tomonidan qo‘lga olindi.

– Odatda tergov jarayonida sheriklar jazodan qochib qutulish uchun bir-birini jarga irg‘itishga harakat qiladilar. Buning uchun har qanday yolg‘on va tuhmatlarni ishga solishadi. Ilgari sudlangan Dilshod ham barcha ayblarni hamtovog‘i Diyorbekka ag‘darishga urindi. Biroq dalillar ushbu jinoyatni uyushtirgan Dilshodning o‘zi ekanligini tasdiqladi, – deydi  ushbu jinoyat ishi tergovini olib borgan Chilonzor tumani IIO FMB tergovchisi, mayor K.Narziyev.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudida zo‘ravonlarning qilmishlariga qonuniy baho berilib, ular O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “a”, “v” bandlari bilan aybli deb topildi. Diyorbekka 2 yilu 8 oy ozodlikdan cheklash, Dilshodga 2 yilu 9 oy ozodlikdan cheklash jazosini tayinladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech