31 Yanvar 2025 Yil 392

Tungi xizmatga jalb qilingan xodimlar uchun yo‘riqnoma o‘tkazildi: unda "Xavfsiz va sog‘lom poytaxt" oyligi doirasidagi 15 kunlik faoliyat sarhisob qilindi

Shahrimizda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligi va osoyishtaligini taʼminlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tunu kun xizmat olib bormoqda. Shayxontohur tumanida xizmatga jalb qilingan ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari uchun tungi yo‘riqnoma bo‘lib o‘tdi. Unda poytaxt IIBB boshlig‘i general-mayor Aziz Tashpulatov va Milliy gvardiyaning Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Anvar Ortiqovlar ishtirok etdi.

Bosh boshqarma boshlig‘i o‘z nutqida Prezidentimiz tomonidan imzolangan 1-sonli qaror ijrosini taʼminlashda barcha IIO xodimlari masʼuliyat bilan yondashishi, mahallaga biriktirilgan har bir xodim tinchlik va osoyishtalikni saqlashda sergak bo‘lishi lozimligini alohida taʼkidladi.

Shuningdek, 15 yanvar kunidan davom etayotgan "Xavfsiz va sog‘lom poytaxt" oyligi doirasida hamkorlikda o‘tkazilayotgan maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar o‘z natijasini berayotganligi, sovuq qurol olib yurish, jamoat joylarida sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlar kamayganligi eʼtirof etildi. Jumladan, 15 kun davomida jami 459 ta giyohvandlik moddalari va kuchli taʼsir qiluvchi vositalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlar, shundan 28 tasi giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan tarqatish holatlari aniqlandi. Aniqlangan holatlar yuzasidan jami 249 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi hamda 104 ta holatda maʼmuriy tartibda choralar ko‘rildi, qolgan 106 ta holatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Jami 1 kg 098 gr noqonuniy giyohvandlik moddalari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi va aholi orasida tarqalishi to‘xtatib qolindi. Giyohvandlik va psixotrop moddalari bilan shug‘ullanuvchi internet do‘konlarning reklamasi aks etgan jami 906 ta “narkograffiti”lar aniqlanib, barchasi bartaraf qilindi.

Maxsus hamkor guruhlar tomonidan ko‘chalarda va jamoat joylarida olib borilgan tezkor-profilaktik chora-tadbirlar natijasida 14 554 ta yo‘l harakati qoidabuzarligi aniqlandi, shundan 2 462 tasi qo‘pol qoidabuzarlik, 378 tasi mast holatda transport vositasini boshqarish.

564 ta holatda yonida o‘tkir tig‘li jismlar olib yurgan fuqarolar aniqlandi, ularning 505 nafariga O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 185 prim 2 va 185 prim 3-moddalari bo‘yicha maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi, 59 nafari ogohlantirildi.

Mahallalarda xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar 53 foizga keskin kamaydi. Jinoyat turlaridan: talonchilik 53 foizga, bosqinchilik 33 foizga, o‘g‘rilik 56 foizga, bezorilik 20 foizga, transport vositasini olib qochish 50 foizga kamayishiga erishildi.

Yo‘riqnoma davomida ushbu oylik doirasida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan bir guruh xodimlar bosh boshqarma boshlig‘i tomonidan rag‘batlantirildi.

Shundan so‘ng general-mayor A.Tashpulatov va polkovnik A.Ortiqovlar Shayxontohur tumanidagi savdo-ko‘ngilochar majmuani ko‘zdan kechirib, fuqarolar xavfsizligini va osoyishtalikni taʼminlashda xodimlarning ish jarayonini o‘rgandi.

Keyingi manzil tumandagi "qizil mahalla" toifasiga kiritilgan O‘rda mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘ldi. Ushbu mahallaga tuman IIO FMB boshlig‘ining o‘rinbosari masʼul etib biriktirilgan. Poytaxt IIBB boshlig‘i mahallada amalga oshirilayotgan ishlar, mahalla yettiligining o‘zaro hamkorligi bilan tanishib, ish samaradorligini yana-da oshirish yuzasidan o‘z ko‘rsatmalarini berdi. Har bir oila bevosita o‘rganilib, aniqlangan muammolar ilmiy-amaliy yondashuv asosida tahlil qilinishi va joyida hal etilishi lozimligini taʼkidlab o‘tdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech