25 Iyul 2025 Yil 391

Tumanlarda oylik tadbirlari davom etmoqda

Yurtboshimizning joriy yilning ilk kunlaridanoq mamlakat bo‘ylab jinoyatchilikka qarshi kurash, ularning sodir etilmasdan barvaqt aniqlab oldini olishga qaratilgan «2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorining eʼlon qilinishi bu borada ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirib kelinayotgan ishlar surʼatini jadallashtirdi. Qarorning mazmun-mohiyati chuqur o‘rganilib, uning ijrosi bo‘yicha tegishli zaruriy choralar belgilanib, ijrosi taʼminlanib kelinmoqda. “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlar oyligi qaror ijrosining uzviy davomi bo‘lib, o‘z samaradorligi va natijakorligini namoyon etmoqda. Oylik doirasida tuman IIO FMB rahbariyati tomonidan Yangihayot tumanidagi mahallalarning raislari, faollari, hokimlik masʼullari hamda hamkorlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda oylik doirasida hamkorlikda amalga oshiriladigan ish rejalari muhokama qilinib, bu borada ishtirokchilarning qo‘shimcha taklif va mulohazalari tinglandi. Shuningdek, joriy yilning 1-20 iyul kunlari tuman mahallalarida qayd etilgan talonchilik, bezorilik, qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish kabi jinoyatlar tafsilotlari bayon etilib, ularning jamoaviy muhokamasiga keng o‘rin berildi. Yig‘ilganlar mazkur jinoyatlarning yo‘l qo‘yilishiga sabab bo‘lgan holatlar hamda fuqarolarning loqaydligini oldini olish, ularni jamiyat hayotida faollashtirish, mahalla ahlining huquqiy savodxonligi, huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Muhokama so‘nggida mahallalarda vujudga kelgan ayrim muammolar ham tinglandi. Birgalikda ularni bartaraf etish choralari belgilandi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech