Prezidentimizning tashabbuslariga asosan, davlat idoralari vakolatli rahbarlarining aholi keng qatlamlari ichiga kirib borishi, ularning dardu tashvishlarini tinglab, qonuniy hal qilishi asnosida fuqarolarimizning konstitutsiyaviy haq-huquqlarini kafolatlab, adolatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda. Mutasaddilar tomonidan tashkillashtirilayotgan shaxsiy va sayyor qabullar jarayonida jamiyatimiz, aholimiz o‘rtasida ko‘pdan buyon yig‘ilib, muammoga aylanib ulgurgan qator masalalarning qonuniy hal etilishi aholimiz hayotini yengillashtiribgina qolmay mustahkam huquqiy fuqarolik jamiyatini yaratishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Toshkent shahar IIBB rahbariyati va tumanlar hududiy tuzilmalari rahbarlari tomonidan ham tizimli ravishda o‘tkazib kelinayotgan qabullar bunga yaqqol dalildir. Bugungi kunda poytaxt ahli tortinmay, bemalol rahbar qabuliga kelib o‘z muammolariga qonuniy javob topib, ishonch hissini tuymoqda. Huquqiy to‘g‘ri tavsiya va maslahatlar olish imkoni, qonuniy yo‘l bilan muammolarning hal etilayotgani aksariyat tugunga aylangan masalalar hamda anglashilmovchiliklarga chek qo‘ymoqda. Hafta davomida hududiy tuzilmalar rahbarlari tomonidan mana shunday qabullar muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
Xususan, Sergeli tumani IIO FMB boshlig‘i Baxodir Anvarov tomonidan “Qipchoq” mahallasida 17 nafar fuqaro, “Birdamlik” mahallasida 14 nafar fuqaro, “Ziynat” mahallasida 15 nafar fuqaro, “Shukrona” mahallasida yashovchi 15 nafar qabul qilinib, ularning murojaatlari o‘rganildi. Aksariyat murojaatlar qabulxonaning o‘zida ijobiy hal etildi.
Shuningdek, Sergeli tumanida probatsiya hisobida ro‘yxatda turuvchi fuqarolar bilan shaxsiy qabul o‘tkazildi va 15 nafar mahkumning murojaatlari o‘rganildi. 7 nafarining muammolari qabulning o‘zida ijobiy hal etildi, 8 nafarning muammolarini hal etish yuzasidan huquqiy tavsiyalar berildi.
Olimazor tumani IIO FMB boshlig‘i Ibrohim Xasanov tomonidan o‘tkazilgan qabulda 26 nafar fuqaroning murojaatlari o‘rganildi. 10 nafarining murojaati joyida ijobiy hal etildi, qolgan murojaatlar qo‘shimcha o‘rganish talab qilganligi sababli muddat belgilanib nazoratga olindi.
Misol uchun, fuqaro U.Furqat Shifonur ko‘chasida piyodalar o‘tishi uchun chizilgan yo‘l chiziqlari o‘chib ketganligini, natijada piyodalar yo‘lning qatnov qismini kesib o‘tayotganda qiynalayotganligini bildirib, yo‘l chiziqlarini qaytadan chizdirib berishni so‘ragan. Uning murojaati hal etilib, yo‘l chiziqlari qaytadan chizib berildi.
Uchtepa tumani IIO FMB boshlig‘i Akmal Baxramov tomonidan “Ko‘hna Cho‘ponota” mahallasida o‘tkazilgan sayyor qabulda probatsiya nazoratida turgan 50 nafar mahkumlar ishtirok etdi. Har birining murojaati o‘rganilib, hal etish choralari ko‘rildi.
Yunusobod tumani IIO FMB boshlig‘i Mahkam Vafoyevning qabuliga tashrif buyurgan 18 nafar fuqarolarning murojaatlari tinglanib, 10 nafarining muammosi joyida hal etildi. 8 ta murojaat bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi.
Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB boshlig‘i Iskandar Rashidov tomonidan o‘tkazilgan qabulda 17 nafar fuqaro ishtirok etdi. 10 nafarining murojaati joyida ijobiy hal etildi, 7 nafarining murojaati yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Tuman rahbarlari tomonidan fuqarolar murojaatlarini o‘rganish hamda ularga qonuniy yechim topish, og‘irini yengil qilish borasidagi sa’y-harakatlar poytaxtning barcha tuman IIO FMB rahbarlari tomonidan muntazam amalga oshirib kelinmoqda.